O`zbekiston davlat organlari vakillaridan iborat delegasiyaning Xitoyga safari doirasida High-tech sanoat zonasi rahbariyati hamda Xunan viloyatining ma`muriy markazi sanalmish Chansha shahrining hokimi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Suhbat chog`ida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari haqida kelishib, ikki mamlakat o`rtasidagi innovasion rivojlanish bo`yicha munosabatlarning muhim jihatlarini aniqlab oldilar.

Chansha shahri hokimijanob Li Syaoxon, Xunan viloyati ham, shaharning o`zi ham texnoparklar va sanoat zonalari markazi ekanligini ta`kidladi. Bunday markazlarning asosiy yo`nalishi mamlakatning barcha sohalarini, ayniqsa, sanoat, AKT, qishloq xo`jaligi va biotibbiyot sohalarini texnologik va innovasion jihatdan rivojlantirishdir.
“Biz uchun O`zbekiston strategik hamkor bo`lib, mamlakatingizda kechayotgan barcha o`zgarishlar, jumladan, Prezidentingiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatingizga sarmoya kiritish uchun qulayliklar yaratmoqda, shuningdek uzoq muddatli hamkorlik qilishga ishonchimizni orttirmoqda. Biz texnoparklarimiz va sanoat zonalarimiz vakillarini qo`shma loyihalarni yo`lga qo`yish va innovasiyalarni rivojlantirish uchun O`zbekistonga jo`natib, davlatlarimiz o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga hissamizni qo`shamiz”, – dedi Chansha shahri hokimi.

O`z navbatida delegasiyamiz rahbari, O`zbekiston innovasion rivojlanish vazirining birinchi o`rinbosari Baxtiyor Umarov mamlakatimiz infratuzilmasining turli yo`nalishlarida innovasion echimlarni joriy qilishni boshlaydigan va ularni rivojlantiradigan 100 dan ziyod ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar va boshqa birlashmalar mavjudligini ta`kidladi.

“Biz xitoylik hamkasblarimizning tajribalarini o`rganib, investisiyalar va hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratishga shaymiz. O`zbekiston xalqimiz va davlatimiz gullab-yashanashi uchun xizmat qiladigan yangi g`oyalar va islohotlar uchun hamisha ochiq. Mamlakatimiz infartuzilmasini va aholimiz turmushining yaxshilanishiga xizmat qiladigan mexanizmlar va mahsulotlar ishlab chiqaradigan qo`shma ilmiy laboratoriyalar yaratish uchun innovasion markazlarniyurtimizga taklif qilamiz”, – dedi Baxtiyor Umarov.

Qayd etish joizki, mazkur tashrifHuawei kompaniyasi tomonidan davlat organlari boshqaruvini mukammallashtirish va O`zbekiston aholisiga ko`rsatilayotgan xizmatlarning samaradorligini oshirish maqsadida O`zbekiston davlat organlari vakillari uchun tashkil etilgan. Huawei kompaniyasi, shuningdek, O`zbekiston sanoatining turli sohalariga innovasion echimlarni tadbiq qilishga ko`mak beradi.






