Boliviyada polisiya va mahalliy aholi vakillari o`rtasida to`qnashuvlar yuz berdi, deb xabar berdi RIA novosti nashri.
Mamlakatning Santa Kruz shahrida polisiya va mahalliy do`kon egalari o`rtasida ziddiyatli vaziyat yuzaga kelmoqda. Gap shundaki, hukumat tomonidan bozor tizimini modernizasiyalashtirish maqsadida ushbu hududda joylashgan do`konlarni boshqa joyga ko`chirishga qaror qilingan.
Biroq bu holatga savdogarlar va do`kon egalari rozi emas. Ular o`z joylaridan ketmasliklarini ta`kidlashgan. Do`kon egalari bozor maydoni va markaziy ko`chalarda o`z noroziliklarini namoyish etishmoqda.
Namoyish ishtirokchilari esa ko`chalarda mashinalarni yondirib, binolarga, polisiyaga tosh bilan hujum qilishdi.Vaziyatni bartaraf etishga uringan polisiya tartibsizliklar yuzaga keltirayotgan odamlarni to`xtatish maqsadida ko`zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanishga majbur bo`ldi. Mazkur hodisa natijasida bir necha kishi jarohat olgan va bir nafar polisiya xodimi halok bo`lgan.
Namoyishchilar soni 200 dan ortiq bo`lib, hozirda ularning 20 nafari qo`lga olindi.Tartibbuzarlar muzokaralar olib borilmagunicha, norozilik namoyishlarini to`xtamasliklarini ma`lum qilishgan.






