Tasvirdagi quyuq tutunni ko`rgan kishi yaqin atrofda korxona yoki zavod joylashgan bo`lsa kerak, deb o`ylashi tayin. Lekin, aslida ham shundaymi? Ko`kka o`rlayotgan tutun qaerdan chiqyapti?...
Namangan shahrining Qo`qon va Dambog` ko`chalari oralig`ida sobiq Sovpartaktiv shifoxonasi, hozirgi Kardiologiya markazi joylashgan. Ishlatilgan shpris, osma ukol shlanglari, bint, paxta kabi tibbiyot buyumlari ushbu tibbiyot muassasasining o`zida kuydirilar ekan. Kuydirilgan buyumlar qoldig`i qurum holida atrofdagi xonadonlarga tarqaladi. Aholi necha yillardan buyon achchiq tutun va qurum zahridan aziyat chekmoqda.
Mazkur masala bo`yicha Namangan viloyati sog`liqni saqlash, sanitariya-epidemiologiya davlat nazorati, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga bir necha bor murojaat qilingan. Ammo, natija yo`q.
Hududdagi Farovon mahallasida 4 ming 684, Dambog` mahallasida esa 4 ming 570 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mutasaddilar shuncha aholi salomatligiga beparvo, demoqchi emasmiz. Lekin baribir.... Bu holat qachongacha davom etarkin? Odamlar ana shu oddiy savolga javob kutmoqda.



Namangan shahri Dambog` ko`chasi 42 uyda
yashovchi fuqaro A`zamjon Mamadaliev.
O`zA






