O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 aprel kuni Pokiston Islom Respublikasining Quruqlikdagi qo`shinlar qo`mondoni general-leytenat Kamar Javed Bajva boshchiligidagi delegasiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlab, ushbu uchrashuv O`zbekiston bilan Pokiston o`rtasida so`nggi yillarda jadal rivojlanayotgan, do`stlik, sheriklik va o`zaro qo`llab-quvvatlash tamoyillariga, umumiy tarix va diniy e`tiqod, an`analar va ma`naviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan ko`p qirrali aloqalarning yana bir dalili ekanini alohida ta`kidladi.

Turli darajadagi siyosiy muloqotlarning faollashgani qayd qilindi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaydi: o`zaro savdo hajmi ortib bormoqda, ikki mamlakat kompaniyalari va tadbirkorlari tomonidan qishloq xo`jaligi mashinasozligi, farmasevtika, to`qimachilik, ko`nchilik, oziq-ovqat va iqtisodiyotning boshqa sohalarida qo`shma loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. O`zbekiston-Pokiston Ishbilarmonlar kengashi faoliyat yurita boshladi.
O`tgan yilning aprel oyidan “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasining Toshkent – Laxor – Toshkent yo`nalishi bo`yicha parvozlari tiklandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda. Ziyorat turizmi dasturi doirasida mamlakatimizga sayyohlar kelishi ko`paymoqda.
Uchrashuvda o`zaro manfaatli aloqalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlik istiqbollari, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, Afg`onistondagi vaziyatni tinchlik yo`li bilan hal qilish masalalari muhokama qilindi.
General K.Bajva davlatimiz rahbariga qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husaynning ezgu tilaklarini etkazdi.

U O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qurolli Kuchlarni modernizasiyalash va mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Joriy yilning mart oyida Toshkentda bo`lib o`tgan Afg`oniston bo`yicha konferensiyaning amaliy natijalari to`liq qo`llab-quvvatlandi.
Uchrashuv yakunida Quruqlik qo`shinlari qo`mondoni Pokistonning mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.






