Termiz shahrida Surxondaryo viloyati badiiy ijodkorlar uyushmasi tasviriy va amaliy san`at galereyasining ochilish marosimi bo`ldi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Termiz shahri markazida barpo etilgan mazkur inshoot Surxondaryo viloyatida ijod qilayotgan tasviriy va amaliy san`at namoyandalarining yanada samarali faoliyat yuritishi uchun xizmat qiladi. Viloyatda O`zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining 20 ga yaqin a`zosi faoliyat yuritmoqda. Ikki qavatli muhtasham binoda turli ko`rgazmalar o`tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan.


– Biz, rassomlar barcha sharoit muhayyo etilgan mana shunday zamonaviy binoda faoliyat yuritishni ko`p yillardan buyon orzu qilib kelar edik, – deydi O`zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a`zosi T.O`roqov. – Endi bu erda yanada samarali ijod qilamiz. Atrofida barpo etilayotgan istirohat bog`ida ham ijodiy ishlarimizni keng namoyish qilishimiz mumkin.






