Mikroinsult bilan kasalxonaga tushgan Toshkent shahar va “Minor” masjidi bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov 19 kundan beri koma holatida yotibdi.
Bu haqda shoir Muhammad Ismoil o`zining “Facebook” ijtimoiy tarmog`idagi sahifasida ma`lum qildi.
“Mana o`n to`qqiz kunki, ulug` ustozimiz, zamonamizning allomai kiromi, donishmand inson Anvar qori Tursun o`zlariga kelolmay, koma holatida yotibdilar. Ertaga juma nomozida duo qilinglar azizlar! Anvar aka halol, pokiza, to`g`riso`z va hamisha, hammavaqt hammaga yaxshilik qilish payida yashaydigan, kecha-yu kunduz elimizni, millatimizni duo qilib charchamaydigan, ilmu-urfon tarqatishni o`z hayotining mazmuni deb biladigan, hayotining bosh maqsadi islom axkomlarini keng yoyish, kishilarni Quron va Hadis nurlari bilan ziyolantirish, Qur`on asosida yashashni oliy martaba deb bilgan va Er yuzida bugun istiqomat qilayotgan eng ulkan ulamolardan bittasidir. Men qariyb o`ttiz yildan buyon u kishining yonlarida yurib yuqorida aytgan so`zlarimga ming bor iqror bo`lganman. Men uchun, Anvar aka do`stim desam do`stimdan a`lo, aka desam akamdan a`lo, ustoz desam ustozdan a`lo insondir. Anvar aka musulmon bandasi borki, hamisha hammasiga cheksiz ehtirom ko`rsatadigan, qalbi mehru-muhabbatga to`liq mehridaryo insondirlar. Azizlar, muhtaram ustozimizni duo qilishingizni o`tinib so`rab qolaman! Biz yillar davomida Anvar akaning ilmu-ziyosiga muhtoj edik, bugun u zot sizning duoingizga muhtoj, zora Sizning duoingiz sabab Olloh taolo shifoi komil ato etsa ajab emas. Zero, yomg`ir bilan Er ko`karar, duo bilan el ko`karar! Ollohim, ustozimizga sog`lik salomatlik ato et, O`zing buyuksan, O`zing qudratli Parvardigorsan Ollohim!” — deyiladi u qoldirgan xabarda.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tamiz, shu oyning boshida (6 aprel kuni) ayrim internet nashrlarida Toshkent shahrining bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov mikroinsult bilan kasalxonaga tushgani, operasiya qilingan hamda ahvoli ancha yaxshiligi haqida xabarlar tarqatilgan edi.






