AsosiyJamiyat

“Boysun bahori” ajoyib tuhfa hozirlamoqda

'“Boysun bahori” ajoyib tuhfa hozirlamoqda'ning rasmi

Joriy yilning 28-29 aprel kunlari Boysun tumanidagi xushmanzara Padang qishlog`ida an`anaviy “Boysun bahori” ochiq folklor festivali o`tkaziladi.

Tashkilotchilarning puxta hozirlik ko`rayotganliklaridan anglash mumkinki, bu yilgi tadbir ilgargilaridan keskin farq qiladi, deb yozadi O`zA.

Padang qishlog`ida har yilgidan-da o`zgacha tayyorgarlik ko`rildi. Tashrifi kutilayotgan 20 dan ortiq davlat hamda respublikamizning turli hududlaridan keladigan mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Asosiy tadbirlar o`tadigan 28-29 aprel kunlari asosiy sahnada respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan folklor-etnografik xalq ansambllari va badiiy jamoalar, ikkinchi sahnada esa viloyatning shahar va tumanlaridan 16 ta badiiy jamoa o`zaro bellashadilar.

07.jpg

Festival doirasida baxshilar ko`rik-tanlovi, kurash musobaqalari, ko`pkari, tosh ko`tarish, arqon tortish, varrak sayli, xo`roz, qo`chqorlar jangi kabi qiziqarli xalq o`yinlari tashkil etiladi.

09.jpg

Shuningdek, milliy liboslar, taomlar hamda yosh rassomlarning ijodiy ko`rgazmalari, O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan turli aksiyalar o`tkazish uchun ham alohida tayyorgarlik ko`rilmoqda.

Festivalning yanada zavqli o`tishini ta`minlash maqsadida tungi yoritish chiroqlari, to`rtta uyali aloqa kompaniyasining yangi uskunalari o`rnatilib, avtomobillar turarjoyi barpo etildi. Bayram o`tadigan maydonda 100 dan ortiq o`tov tikilib, ularda kosiblar, hunarmandlar, oshpazlar kabi 10 ga yaqin ovul tashkil etiladi.

08.jpg

Bolalar ovulida viloyat qo`g`irchoq teatri jamoasi tomonidan havola qilinadigan qiziqarli dasturlar bolajonlarga zavq ulashadi.

10.jpg

So`lim Boysun zaminidan 6 ta havo shari ko`kka ko`tariladi, kechgi tadbirda baland tog`lar atrofida gulxan yoqilib, mushakbozlik ham o`tkaziladi.

13.jpg

Darvoqe, “Boysun bahori” ajoyib tuhfa hozirlamoqda. Festivalda respublikamizning taniqli san`atkorlari bilan bir qatorda, Tojikiston xalq artisti Sharofat Rashidova boshchiligidagi “Padida” teatri jamoasi, Afg`oniston Islom Respublikasi taniqli xonandalari Abdumajid va Abdurauf Adlhuiylar ishtirok etadi. Shuningdek, festivalga tojikistonlik mashhur xonanda Shabnam Surayyoning ham tashrifi kutilmoqda.

03.jpg

Eslatib o`tamiz, ertaga festival doirasida Termiz davlat universitetida “Boysun – moddiy va nomoddiy madaniyat beshigi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o`tkaziladi. Unda qadim yurtning tarixi, nafis va boy madaniy merosining dunyo tamaddunida tutgan o`rni, shuningdek, Boysun milliy hunarmandchiligi, etnografiyasi va arxeologiyasini o`rganish, hududda turizmni rivojlantirish bilan bog`liq masalalar muhokama etiladi.

Milliy qadriyat va an`analarimiz tarannum etiladigan festival – “Boysun bahori” mehmonlarini chorlaydi!

    Boshqa yangiliklar