O`zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining muhokamasi portaliga viloyat hokimliklarining shahar yo`lovchilar transporti yo`lovchilar tashish haqining yangi tarifini belgilash to`g`risidagi qarorlari loyihalari joylashtirildi.
Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Andijon va Namangan viloyatlari hokimliklarining qarorlari loyihalarida bildirilishicha, yo`lkira haqlarining oshirilishiga Moliya vazirligining 2018 yil 12 apreldagi xati asos qilib olingan.
Namangan viloyati hokimligining qarori loyihasiga ko`ra, Namangan shahrida 2018 yil 1 maydan boshlab, avtobus yo`lovchilar tashish transportida yo`lovchilarni bir marotaba tashish xizmati (yo`lkira haqi)ning yangi tarif darajasi ming so`m etib belgilanadi.
Qarshi shahrida yo`lovchilar transportida yo`lovchilar tashish xizmatlarining cheklangan tarifi "Damas" rusumli avtotransport vositalari uchun yo`lkira haqi bir yo`lovchi uchun bir yarim ming so`m, "Isuzu" avtobuslariga ming so`m etib belgilanishi ko`zda tutilgan.
Andijon shahar hududida faoliyat ko`rsatayotgan avtobus yo`nalishlari uchun yo`l kira narxlari ming so`m etib belgilanishi ko`zda tutilmoqda. Andijon shahar hududida faoliyat ko`rsatayotgan yo`nalishli taksi yo`nalishlari uchun yo`l kira narxlari 5 kilometrgacha bo`lgan masofa uchun ming so`m, 5 kilometrdan yuqori bo`lgan masofa uchun 1500 so`m etib belgilanadi.
Qoraqalpog`iston Respublikasida shahar yo`lovchilar transportida yo`lovchilar tashish xizmati bir martalik avtobusda yo`lovchilarni tashish xizmati tarifi 900 so`m va yo`nalishli taksida yo`lovchilarni tashish xizmati tarifi 1000 so`m miqdorida belgilanadi.
Ushbu qarorlar loyihalari muhokamasi yakuniga etishiga oz muddat qolgan bo`lsada, muhokamalarda sanoqli fuqarolar ishtirok etgan.
Bugungi kunda O`zbekistonda 6 mingdan ziyod avtomobil transporti xizmati ko`rsatuvchilar faoliyat yuritmoqda. Ularning avtoparklarida 115 ming lisenziyalangan avtotransport vositalari bor, jumladan 7801 avtobus, 3531 mikroavtobus, 36,6 ming "Damas" va 22,7 mingdan ortiq taksi avtomobillari mavjud. Yo`lovchi tashishga ixtisoslashgan korxonalarning 20%i Toshkent shahrida faoliyat yuritadi.
Ekspertlar fikriga ko`ra, mamlakatda har 10 ming kishiga 2,3 dona lisenziyalangan avtobus, 1 mikroavtobus va 12ta "Damas" to`g`ri keladi. Boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda bu juda past ko`rsatgich hisoblanadi. Masalan Rossiyada har 10 ming aholi soniga 11,7ta avtobus to`g`ri keladi.
Respublikada 2021 yilga qadar bosqichma-bosqich ravishda 2375ta yangi avtobus va 5700ta mikroavtobuslar sotib olish rejalashtirilmoqda. Ularning aksariyati past polli, ko`p yo`lovchi sig`dira oladigan va siqilgan gazda ishlaydigan avtobuslar bo`ladi.
Yo`lovchi transporti infraqurilmasini qayta tiklash maqsadida 32 ta avtovokzallarni ta`mirlash, 52ta yangi avtovokzal va avtostansiya qurish rejalashtirilgan. Shuningdek ushbu ob`ektlar hududida xavfsizlik choralarini oshirish rejalashtirilgan.






