AsosiyJamiyat

Notarial sohadagi shikoyatlar 44 foizga kamaydi

'Notarial sohadagi shikoyatlar 44 foizga kamaydi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining matbuot xizmatidan O`zAga ma`lum qilishlaricha, joriy yilning birinchi choragida adliya organlariga jismoniy va yuridik shaxslar yuborgan qariyb besh mingta murojaat ijobiy hal etilgan.

Misol uchun, ko`rilgan choralar natijasida ming nafar fuqaro va tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi. Adliya organlari rahbarlari va mas`ul xodimlari 717 nafar fuqaroni qabul qilib, ularning muammolarini atroflicha o`rgandi va ijobiy hal etdi.

O`tgan davrda Adliya organlari rahbariyati hududlarda 100 dan ortiq sayyor qabul o`tkazdi. Buxoro va Jizzax viloyatlarida o`tkazilgan sayyor qabullar shular sirasidandir. Unda o`nlab fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal etildi, jumladan 11 nafar yoshlarning ishga joylashishida amaliy yordam ko`rsatildi.

Murojaatlarni hal etish yuzasidan 240 dan ortiq ta`sir choralari qo`llanilib, sudlarga fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash va etkazilgan zararlarni undirish bo`yicha 100 dan ortiq da`volar kiritildi.

Murojaatlarda ko`tarilgan huquqiy muammolardan kelib chiqib, o`nlab qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlarga kiritilishi ta`minlandi.

Xususan, kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismini notarial idoralar va FHDYo organlari faoliyatiga tegishli bo`lib, bu sohalardagi dolzarb muammolar atroflicha tahlil qilindi. Kiritilgan takliflarning qo`llab-quvvatlanishi natijasida notarial harakatlar uchun davlat bojlari miqdori keskin qisqartirildi, apostil qo`yish bo`yicha to`lovlar o`n baravarga pasaytirildi.

Fuqarolarning asosiy e`tirozlariga sabab bo`layotgan davlat notarial idoralardagi navbatda turish holatlarining oldini olish maqsadida notarial tasdiqlanishi bo`yicha harakatlar turini bekor qilish borasidagi takliflar asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Natijada, 2018 yilning I choragida amalga oshirilgan notarial harakatlar soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga, notariat sohasida bu masalada kelib tushgan shikoyatlar 44 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, inson huquqlarini himoya qilinishini ta`minlash maqsadida Mehnat kodeksiga kiritilgan o`zgartirishlarga asosan shaxsning yoki yaqin qarindoshlarining sudlanganligi uchun ishga qabul qilishni rad etilmasligi holati qonun bilan kafolatlab qo`yildi.

Vazirlikning “Facebook.com” ijtimoiy tarmog`idagi “Adliya bilan muloqot” sahifasi hamda rasmiy veb-sayti orqali ham aholi bilan samarali muloqot olib borildi, ular orqali kelib tushgan murojaatlarni o`z vaqtida hal qilish choralari ko`rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar