Jizzax viloyati Do`stlik tumani “Jizzax – Mirzacho`l” yo`li bo`yida 52 ta issiqxona joylashgan. Biroq, ushbu issiqxonalarning 30 tasiga umuman ekin ekilmagan. To`rttasiga atigi 24 dona limon ko`chati, qolganlariga esa nomigagina ko`kat urug`i qadalgan, deb yozadi O`zA.
– Uyushmaga tuman hokimligi tomonidan issiqxonalar joyini tayyorlash uchun texnika ajratildi, - deydi M.Abduvosiev nomidagi fermer xo`jaliklari hududiy uyushmasi rahbari O`tkir Qoraboev. – 52 issiqxonaning har biriga fermerlar biriktirilgan bo`lib, qolgan barcha xarajat ular zimmasiga yuklatilgan.
Suratga olish jarayonida “Feruz-Zohid” fermer xo`jaligi rahbari Zohir Majidovni uchratdik. Afsuski, ushbu masalada fermerdan jo`yali javob bo`lmadi.
Mamlakatimizda qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni ko`paytirish maqsadida issiqxonalardan samarali foydalanish, yangilarini qurish, mavjudlarini yanada takomillashtirish, soha vakillarini har tomonlama qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilayotgan bir paytda qarovsiz qolgan bu issiqxonalar haqida mutassaddilar nima der ekan?














