AsosiyJamiyat

Sankt-Peterburgda o`tkazilgan olimpiadada O`zMU jamoasi 4 ta oltin medalni qo`lga kiritdi

'Sankt-Peterburgda o`tkazilgan olimpiadada O`zMU jamoasi 4 ta oltin medalni qo`lga kiritdi'ning rasmi

Shu yil 21-23 aprel kunlari Sankt-Peterburg shahrining ITMO (Sankt-Peterburg informasion texnologiyalar, mexanika va optika milliy tadqiqot universiteti)da Shimoliy davlatlar universitetlari matematika olimpiadasi (NCUMC – North Countries Universities Mathematical Competition) bo`lib o`tdi. Shu paytgacha faqat onlayn-internet orqali ishtirok etayotgan O`zMU talabalari bu gal bevosita olimpiada maydonida kuch sinashishga muvaffaq bo`ldilar. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Mazkur olimpiadada dunyoning 30 dan ortiq nufuzli universitetlaridan 150 ga yaqin eng iqtidorli talaba bellashdilar.

Hayajonli kechgan olimpiada natijalariga ko`ra O`zMU jamoasi 4 ta oltin medalni qo`lga kiritib, birinchi darajali diplomlar bilan taqdirlandilar! Bu gal Hakimboy Egamberganovning safdoshlari – Matematika fakulteti 4-, 3-, 1-bosqich talabalari Abdurahmon Aliev, Sardor Bozorboev, Tolibjon Ismoilov bo`ldilar.

Bundan tashqari mazkur olimpiada onlayn tarzida ham o`tkazilib, unda Matematika fakulteti 4-bosqich talabalari Shohruh Ibragimov, Mirmuhsin Mahmudov, 1-bosqich magistranti Bekzod Qurbonboev oltin, 1-bosqich magistranti Muhriddin Hamidov kumush va 1-bosqich talabasi Ismoil Turg`unov bronza medalini qo`lga kiritdilar.

– Universitetimizda Hakimboy Egamberganov singari iqtidorli yoshlarning safi tobora kengayib borayotgani barchamizga g`urur baxsh etadi, – deydi O`zMU o`quv ishlari bo`yicha birinchi prorektori, fizika-matematika fanlari doktori Davlatboy Jumaboev. – Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 2 mart kuni “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to`g`risida”gi qaroriga binoan, shu oliy mukofot bilan taqdirlanganlar orasida Matematika fakulteti 1-bosqich talabasi Bahora Abdusattorova ham borligi barchamizga g`urur baxsh etgan edi. Demoqchimanki, universitetimiz Matematika fakultetining iqtidorli talabalari davlatimiz rahbarining e`tiboriga munosib ravishda a`lo baholarga o`qib, xalqaro fan olimpiadalarida o`zlarini namoyon etmoqda.

Oqqan daryo oqqani misol bu iqtidorli talabalar O`zMU mangu mash`aliga aylangan Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa`di Sirojiddinov kabi ulug` allomalarning munosib vorislariga, Mahmud Salohiddinov, Azimboy Sa`dullaev, Abdulla A`zam kabi akademiklarning umidli izdoshlariga aylanmoqdalar.

    Boshqa yangiliklar