AsosiyJamiyat

Jazo tayinlashda uy qamog`ida o`tirilgan vaqt ham hisobga olinadi

'Jazo tayinlashda uy qamog`ida o`tirilgan vaqt ham hisobga olinadi'ning rasmi

“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonunga (O`RQ–476, 18.04.2018 y.) muvofiq

Jinoyat kodeksining 62-moddasiga jazo tayinlashda ushlab turish va uy qamog`i muddatlarini hisobga olishni nazarda tutuvchi o`zgartishlar kiritildi. Bu xaqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.

Mazkur o`zgartirish kiritilgunga qadar Jinoyat kodeksining 62-moddasida, sud jazo tayinlash vaqtida dastlabki qamoq vaqtini hisobga olar edi. Dastlabki qamoq deganda ehtiyot chorasi sifatida shaxsni qamoqda saqlash tushuniladi. Shu bilan birga, prosessual majburlov choralari sifatida ushlab turish hamda uy qamog`i ehtiyot chorasi ham mavjud. Biroq, jazo tayinlashda ushlab turish va uy qamog`i muddatlarini hisobga olish tartibi nazarda tutilmagan edi.

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 2015-2016 yillarda va 2017 yilning birinchi choragida sudlar tomonidan jami 505 nafar shaxsga nisbatan uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

JKning 62-moddasida uy qamog`i muddatini hisobga olish tartibi nazarda tutilmaganligi sababli, sud amaliyotida jazo tayinlashda uy qamog`i muddatini hisobga olishda turlicha yondoshuvlar yuzaga kelgan.

Xorijiy davlatlar tajribasi, Germaniya, Rossiya Federasiyasi, Belorus va Qozog`iston Respublikalari qonunchiligida jazo tayinlashda uy qamog`i muddatini hisobga olish tartibi mavjudligini ko`rsatdi.

Yuqoridagilarga ko`ra, Jinoyat kodeksining 62-moddasiga jazo tayinlashda ushlab turish va uy qamog`i muddatlarini hisobga olishni nazarda tutuvchi quyidagi o`zgartishlar kiritildi:

62-modda. Ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog`i vaqtini hisobga olish qoidalari

Sud jazo tayinlash chog`ida ushlab turishning, qamoqqa olishning yoki uy qamog`ining har bir kunini:

a) ozodlikni cheklashning, intizomiy qismga jo`natishning, ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga;

b) axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat bo`yicha cheklashning uch kuniga;

v) majburiy jamoat ishlarining to`rt soatiga tenglashtirib hisoblaydi.

Sud ushlab turilgan, qamoqda yoki uy qamog`ida saqlangan shaxsga jarima tayinlashda ushlab turishning, qamoqda yoki uy qamog`ida saqlashning bir kunini eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismiga tenglashtirib hisobga oladi.

    Boshqa yangiliklar