Qozog`istonda avtomobillar ishlab chiqarish ikki barobar o`sdi. Bu haqda “Qozog`iston avtomobil tarmog`i korxonalari ittifoqi” direktorlar kengashi raisi Oleg Alferov sohaga bag`ishlab o`tkazilgan matbuot anjumanida aytib o`tdi, deb yozadi "Xalq so`zi" nashri.
Uning so`zlariga ko`ra, joriy yilning birinchi choragida avtomobillarni lokal yig`ish hajmi ikki barobar ortib, ushbu mamlakat avtosanoatining o`z ichki bozoridagi ulushi 46 foizgacha ortdi.
E`tiborlisi, lokal yig`ilgan eng etakchi beshta brend qatoridan O`zbekistonning “Ravon” markasi ham joy oldi. O`z navbatida, mazkur ro`yxatga “Lada”, “Hyundai”, “KIA” va “JAC” brendlari ham kiritildi.
Umuman olganda, hisobot davrida ushbu davlatda engil va yuk avtomobillari, avtobuslar, maxsus mashinalar va tirkamalar bilan birgalikda 6857 dona transport vositasi ishlab chiqarilgan.






