Shu kunlarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari Malayziyada malakasini oshirmoqda, deb xabar bermoqda O`zA.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 8 avgustdagi farmoni ijrosiga muvofiq, akademiya va “Iste`dod” jamg`armasi tomonidan tashkil etilgan o`quv zamonaviy davlat boshqaruvi, sud-huquq islohotlari, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, turizm kabi sohalarda amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan tanish hamda bu borada bilim va ko`nikmaga ega bo`lishga qaratilgan.
Mazkur o`quv doirasida Malayziyada O`zbekistonning turistik imkoniyatlarini targ`ib qilishga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va O`zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida o`tkazildi.
Malayziya milliy universiteti (Kebangsaan) professor-o`qituvchilari va talabalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz tarixiy obidalari, ulug` ajdodlarimiz, serquyosh o`lkamizning turistik potensiali hamda amalga oshirilayotgan islohotlar va o`zgarishlar haqida ma`lumot berildi.
Malayziyada ayni paytda 31 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning 60 foizi islom, 20 foizi buddizm, 9 foizi xristian, 6 foizi esa induizm diniga e`tiqod qiladi. Shu ma`noda, tadbirda Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so`zlagan nutqida "Ma`rifat va diniy bag`rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish bo`yicha tashabbusi va ushbu rezolyusiyaning mazmun-mohiyati millatlararo totuvlik va diniy erkinlikni ta`minlashga qaratilganligi katta ahamiyatga ega ekani haqida ham so`z bordi.
– Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz singari qadimiy shaharlarimizdagi betakror tarixiy obidalar va yurtimizda xavfsiz turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo`yicha taqdimotlar namoyish etdik, – dedi akademiya tinglovchisi I.Soipov. – Ayniqsa, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va boshqa islom ilmi rivojiga munosib hissa qo`shgan buyuk allomalar mangu qo`nim topgan qadamjolar va ushbu maskanlarda ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar to`g`risidagi ma`lumotlar malayziyaliklarda katta qiziqish o`yg`otdi. Albatta, bu kabi sa`y-harakatlar O`zbekistonga keluvchi xorijlik sayyohlar sonini oshirishga xizmat qiladi.
23.04.2018 06:24
O`zbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlari Malayziyada namoyish etildi






