AsosiyJamiyat

FVV: Kongo-qirim gemmorogik isitmasidan saqlaning!

'FVV: Kongo-qirim gemmorogik isitmasidan saqlaning!'ning rasmi

Issiq kunlarning boshlanishi bilan qon so`ruvchi kanalar uyg`onadi. Respublika hududida bu hasharotlarning bir qancha turi tarqalgan bo`lib, odamlar uchun havfli Kongo-Qirim gemmorogik isitma virusini tashuvchi iksod kanalari ularning ko`p qismini tashkil qiladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi o`z saytida ma`lum qildi.

Bu kasallik – odamlarga asosan mayda shoxli va yirik shoxli qoramollardagi mavjud (iksod) kanalarni terish, ularni junini olish yoki cho`l hududlarida ularni boqish jarayonida kana chaqish orqali yuqadi. Iksod kanalarining hazm yo`llarida ko`plab miqdorda kasallik qo`zg`atuvchi bo`lgan viruslar mavjud bo`lib, kana odamni chaqqanda qonga tarqaladi.

Virus ajratgan moddalar natijasida odam qonining ivishi izdan chiqadi natijada burun va boshqa tabiiy teshiklardan qon ketishi kuzatiladi. Kasallik og`ir kechadi va o`z vaqtida yordam ko`rsatilmasa oqibati nohush tugashi mumkin.

Bu kabi kasalliklarning oldini olish uchun, qishloq hududlaridagi yakka xo`jaliklarda chorva mollarini saqlash sharoitini to`g`ri tashkil etish va kanalarning ko`payishiga yo`l qo`ymaslik zarur.

Hayvon boqiladigan molxona, qo`ra va qo`tonlarning tuproqlari, loy qilingan devorlar kana ko`payishi uchun yaxshi sharoit hisoblanadi. Shu bois, kasallikka qarshi kurashishning samarali usuli kanalar chaqishining oldini olish va ularni yo`q qilishdan iborat. Kanalarni yo`q qilish uchun uy hayvonlarining terisi yilning mart oyidan sentyabr oyiga qadar haftada bir marta xlorli birikmalar bo`lgan maxsus dezinseksion moddalar bilan ishlovdan o`tkazilishi lozim.

Shuningdek, tibbiyot vakillari va bemorlarni parvarish qiladigan xodimlar kasallik bilan zararlangan kishilarning yaqinlariga kasallik yuqishiga yo`l qo`ymasliklari zarur. Buning uchun ular o`z faoliyatida doka niqob, rezina qo`lqop va teri himoya kiyimlaridan (xalat, kostyum, qo`lqop va h.k.) keng foydalanishlari maqsadga muvofiq.

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligining tabiiy o`choqlari mavjud hududlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan, Sog`liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat veterinariya qo`mitasi va boshqa tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda salmoqli chora-tadbirlar tizimli ravishda hayotga tatbiq etilmoqda.

Qrim – Kongo gemorragik isitma kasalligi dastlab 1944-yilda Qrimda, 1956-yilda esa Kongo davlatida bir guruh odamlarda uchragan.

    Boshqa yangiliklar