Samarqand shahridagi “Registon plaza” mehmonxonasi hovlisida O`zbek-tojik biznes-forumi o`z ishini boshladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Uning tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi T.Jo`raev va Sug`d viloyati raisi R.Ahmadzoda ishtirok etdi va nutq so`zladi.
Ta`kidlash lozimki, biznes-forumning asosiy maqsadi ikki davlatning umumiy transport-kommunikasiyaviy imkoniyati va tranzit salohiyatidan to`la foydalanish orqali o`zaro tovar aylanmasi hajmini son va miqdor jihatidan oshirish, sanoat mahsulotlari milliy ko`rgazmasini tashkil etish hisobiga tadbirkorlarimiz o`rtasida kooperasiya aloqalarini mustahkamlashdan iborat.
Forum doirasida ishtirokchilar uchun ikki mamlakatda investorlar uchun yaratilayotgan sharoit, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida muhim ma`lumotlar berilib, mavjud iqtisodiy imkoniyatlar taqdimoti o`tkaziladi.
Ayni paytda forumda viloyatimiz va tojikistonlik hunarmandlar, ishlab chiqaruvchi korxonalar va tadbirkorlar mahsulotlari namoyish etilmoqda. Ko`rgazma kun bo`yi davom etadi.








