AsosiyJamiyat

Qur`oni karim musobaqasi g`olibi Umra safariga borish imkonini qo`lga kiritadi

'Qur`oni karim musobaqasi g`olibi Umra safariga borish imkonini qo`lga kiritadi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 2017 yilning 1 sentyabr sanasida «Hazrati Imom» majmuasiga tashrif buyurgan Prezidentimiz O`zbekiston Qur`oni karim musobaqasini o`tkazish haqida ko`rsatma bergan edilar.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda musobaqaning tuman-shahar va viloyat bosqichlari o`tkazildi.

G`olib deb topilgan 139 nafar (89 nafar yigit va 50 nafar xotin-qizlar) ishtirokchi musobaqaning Respublika bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo`lishdi.

Quvonarlisi, musobaqaning ilk yilidayoq ishtirokchilar soni besh yarim ming nafarni tashkil etdi. Bu esa xalqimizning Qur`onga bo`lgan yuksak muhabbati va ixlosini ko`rsatadi.

Va nihoyat, bugun Toshkent shahar Talabalar shaharchasidagi «Yoshlar Markazi» binosida Qur`oni karim musobaqasining Respublika bosqichi boshlandi.

Musobaqani O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ochib berdilar. Hazrat ma`ruzalari boshida Qur`oni karim musobaqasi mo`min-musulmonlarimiz ko`pdan beri intiqib kutgan quvonchu shodliklarni olib kelgani, qalbda mamnunlik, ko`zda yosh ila qilingan duolar, huzurbaxsh tilovatlar sabab yurtimizga fayzu barakalar yog`ilayotganini ta`kidladilar.

Shuningdek, Qur`on o`qish foydalari haqida oyatlardan va hadislardan namunalar keltirdilar.

— Zero, Qur`on o`qilganda, mo`min-musulmon banda butun vujudi bilan Kalomullohga some bo`ladi. O`qilayotgan oyatlar haqida tafakkur qiladi. Ana shunda ulug` ajru savoblarga erishadi. Bu haqida A`rof surasining 204-oyatida bunday deyiladi:

«Qur`on o`qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!» — deya so`zladilar muftiy hazratlari.

Shuningdek, musobaqada hamkorlik qilganligi va uni tashkillashtirishda yaqindan yordam berganligi uchun Yoshlar ittifoqi haqida iliq fikrlar bildirdilar:

— Ayniqsa, Diniy idoramizning doimiy hamkori bo`lgan O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashkiloti musobaqani o`tkazishda yaqindan hamkorlik qilish taklifi bilan chiqqani bizni quvontirdi. Biz ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildik. Yoshlar ittifoqi tashkiloti g`oliblarini qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlash kabi eng ulug` savobli ishlarni o`z zimmasiga oldi, buning uchun albatta tashakkur aytamiz.

Eslatib o`tamiz, musobaqa yigitlar va xotin-qizlar o`rtasida ikki yosh toifasi (18-25 yosh hamda 26-40 yosh)da o`tkaziladi. Yigitlar o`rtasida 21-24 aprel kunlari, xotin-qizlar o`rtasida esa 25-26 aprel kunlari bo`lib o`tadi.

Musobaqa ishtirokchilari Hifz (Qur`oni karimni to`liq yod olgan murattab qori va qoriyalar) va Tilovat (Qur`oni karimni chiroyli o`qiydigan, muvajjad qori va qoriyalar) yo`nalishlarida bellashadilar.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jarayonni onlayn namoyish etish uchun katta hajmdagi monitorlar o`rnatiladi.

Musobaqa so`nggida jami 36 nafar g`olib aniqlanadi.

Hifz yo`nalishida 1-o`rin sohiblari ota-onasi bilan, Tilovat yo`nalishida 1-o`ringa sazovor bo`lganlar esa hamrohi bilan Umra safariga borish imkoniga ega bo`ladilar.

Musobaqaning Hifz yo`nalishida eng yuqori ball to`plagan 1-o`rin g`olibiga oliy sovrin - O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg`asi - avtomobil taqdim etiladi.

Shuningdek, ishtirokchilar orasidan «Eng xushovoz Qur`on qoriyasi», «Eng yosh Qur`on qoriyasi» va «Matonatli qori» nominasiyalari g`oliblari ham aniqlanadi.

Musobaqa davom etadi.

    Boshqa yangiliklar