Vazirlar Mahkamasining 12.04.2018 yildagi 285-son qarori bilan arzon uy-joylarni berish tartibi tasdiqlandi, deb yozadi Norma.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi va «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan Xotin-qizlarni va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat fondi (bundan keyin – Fond) ta`sis etildi, u shu jumladan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga yordam ko`rsatadi.
Arzon uy-joylarni ajratish shartlari
Quyidagi muhtoj xotin-qizlar arzon uy-joylarni olishlari mumkin:
- og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan;
- nogironligi bo`lgan;
- kam ta`minlangan, farzandlarini to`liqsiz oilada tarbiyalayotgan onalar.
Ularga arzon uy-joylar Prezidentning 21.10.2016 yildagi PQ-2639-son (qishloq joylarda) va 23.10.2017 yildagi PQ-3350-son (shaharlarda) qarorlarida nazarda tutilgan dasturlar asosida beriladi. Har yili ajratiladigan uy-joylar soni Prezidentning 22.12.2016 yildagi PQ-2691-son qarorida nazarda tutilgan tumanlar va shaharlar toifasiga (I yoki II) bog`liq bo`ladi.
Uy-joylar qiymati quyidagicha qoplanadi:
- 25%i (boshlang`ich badal) – Fond, talabgor ishlayotgan tashkilot, shuningdek taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
- 75%i – ipoteka asosida tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga.
Kredit dastur ishtirokchisining o`z mablag`lari hisobidan to`lanadi. Ayol kam ta`minlangan oiladan bo`lsa va doimiy daromadga ega bo`lmasa, kredit quyidagilar hisobiga qoplanishi mumkin:
- u ishlayotgan tashkilot;
- O`zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi;
- «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Imtiyozli uy-joy olish dasturida ishtirok etish tartibi
Yashash sharoitini yaxshilash maqsadida uy-joyga muhtoj xotin-qizlar doimiy yashash joyidagi hududiy komissiyaga ariza bilan murojaat qilishlari lozim. Komissiyalar tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzurida tashkil etilgan bo`lib, arzon uy-joylar dasturida ishtirok etish uchun talabgorlarni tanlab olish bilan shug`ullanadilar. Ular ariza va ayolning yashash sharoitlarini o`rganadilar, shundan keyin, ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, imtiyozli kredit asosida uy-joy olish uchun yozma tavsiya beradilar.
Dasturga kiritilgan talabgorlar ro`yxati hududiy xotin-qizlar qo`mitalariga beriladi, ular ro`yxatlarni umumlashtirib, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasiga taqdim etadilar. Ular esa injiniring kompaniyalari bilan birgalikda, taqdim etilgan muhtoj xotin-qizlarning umumlashtirilgan ro`yxati asosida uy-joylarni qurish uchun zarur mablag`larni aniqlaydilar. Shundan so`ng talabgorlarning jamg`arma omonat hisobraqamiga boshlang`ich badal o`tkazilishi ta`minlanadi. Ayollar injiniring kompaniyasi filiali bilan dastlabki shartnoma tuzadilar va tegishli tijorat banki filialiga ipoteka krediti ajratishni so`rab ariza beradilar.
Yashash sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand talabgorlar ijtimoiy mezonlarni baholash orqali tanlab olinadi. Ular orasida: bir necha oilaning bir uyda (bir xonadonda) yashashi, ikki yoki undan ortiq farzandi borligi, oilasining daromadi, birinchi guruh nogironligi bo`lgan yolg`iz ayollar va b.
Uy-joyga muhtojlik darajasi har bir mezon bo`yicha qo`yiladigan ballardan kelib chiqib aniqlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 13.04.2018 yildan kuchga kirdi.






