Sokin dengizda bemanzil suzib ketayotgandek taassurot qoldirayotgan O`zbekiston futboli, so`nggi yarim yilda kuchli po`rtanaga tushib qolgandek. Kemadagilar harakatda. Xo`sh, bu harakatlar besamar ketib, bortdagilar suvga g`arq bo`ladimi yoki kapitan hamda ekipaj a`zolari qahramonga aylanadimi?
Biz nazarda tutayotgan kapitan haqida ma`lum vaqt juda ko`p yozildi. Bu xuddi havo berilayotgan sharga o`xshab ko`rindi. Biroq shar ma`lum kenglikka etgach, chiqishlar biroz kamaydi, ammo harakat to`xtamadi. Ishim va oilam sabab uzoq muddatga xorijga yo`l oldim. Bu futboldan biroz uzoqlashishimga olib kelishi rost. Shunday bo`lsa-da, men nazarda tutayotgan kemaning taqdiri doim qiziq bo`lib qoladi. Shuni inobatga olib, Toshkentdagi so`nggi kunim Umid Ahmadjonov bilan ko`rishishga qaror qildim.
Bungacha chamasi bir haftalar vaqt bo`ldi. Qabulxonada Ahmadjonovni 4 soatga yaqin kutdim (vaqt oldindan kelishilmagandi). Ishtiyoq kuchli bo`lgani uchun (balki so`nggi imkoniyatim uchun) sabr qildim. Ketma-ket ikki yig`ilishdan chiqqan Ahmadjonovga kimligimni, maqsadimni, ketayotganimni va uni qancha kutganimni aytdim. Xullas, suhbatga ko`ndirdim. Telefonim xotirasiga yozib olganlarimni esa hozir Evropada turib oqqa tushiryapman. Yana ozgina kechiktirsam, bu intervyuning sariq chaqalik qadri qolmasligi mumkin. Chunki unda yangiliklar ko`p.
“Ishonsangiz, ayrim kunlari hatto uyga ham borayotganim yo`q — deb gap boshladi suhbatdoshim. Keyin esa grafinda turgan suvdan quyib uzatdi. — Ancha kutib qolibsiz…
— Ikki bor qaytib ketmoqchi bo`ldim. Lekin o`zimni qiynayotgan savollarimni bermasam bo`lmasdi — dedim kulib. — Adashmasam, Prezident qarori ustida ish ketayotgan ekan.
— Ha, shunday. Yo futbolni odam qilaman yoki uni yo`q qilaman deganlarining ertasi kuniyoq meni qabulxonaga chaqirishdi. Bungacha o`zimizning ham rejalarimiz bor edi, biroq o`sha kuni Shavkat Miromonovich tomonlaridan shunday imkoniyatlar tortiq qilindiki, etti uxlab tushimga ham kirmagandi.
Qarorni o`qigandirsiz, unda hammasi tushunarli qilib yozilgan. Biroq uni izga tushirib olish oson emas. Chunki hamma narsa o`zimizgagina bog`liq bo`lib qolmagan. Biz hozir Moliya vazirligidan tortib, Oliy ta`limgacha — hamma tashkilotlarga kirib boryapmiz. Deyarli barcha hokimliklar bilan tun-u kun aloqada bo`lib turibmiz. MOQ dan tortib Sport vazirligigacha, O`FA, PFL — xullas hammasida ishchi guruh kuniga 16—18 soatdan ishlashiga to`g`ri kelyapti.
Ammo nolimaymiz. Chunki Prezidentning shaxsan o`zlari sport uchun shuncha narsa berib qo`ysa-yu, biz undan eplab foydalana olmasak, bu nima degan gap? Oldindagi 2—3 yil davomida bosib ishlashda davom etsak, menimcha futbol ham, umuman mamlakat sporti ham o`z relsiga tushib oladi.
— Qarorga ko`z yugurtirib chiqdim, o`zgarishlar ancha katta. Va hozir uning ustida ish qizg`in davom etyapti. Men esa boshqa masalalar haqida savollar bermoqchi edim. Asosan futbol haqida. — Futbol deyishim bilan suhbatdoshim bosh chayqab, kulib qo`ydi.
— Sport bu sport. Ammo futbol butkul boshqa masala, deng… Bemalol.
Birinchi mavzu — “Buxoro”
— “Buxoro” futbol klubi to`lashi kerak bo`lgan 300 million keragidan ko`proq emasmi?! (Men endi ancha dadil edim).
— Ko`p. Juda ko`p! Chunki “Buxoro” futbol klubi rahbariyati avvalgi xatosidan xulosa chiqarmadi.
Siz bir narsani tushuning, har qanday qarorning to`g`ri yoki noto`g`ri ekanini istalgancha muhokama qilish mumkin. Ammo masalaning yana bir tomoni bor: tartib bo`lmasa, ishda unum bo`lmaydi. Klublar shu kunga qadar qanday ishladi degan savolga, Oliy Liga o`yinlariga keladigan muxlislar soni javob berishi mumkin. Biz esa Superligada klublarga tinim berayotganimiz yo`q. Ular ishlashi shart! Kimga yoqmaydigan bo`lsa, o`rnini bo`shatib qo`yaversin, o`rinbosar albatta topib beramiz.
Ko`pchilik aytyapti, kelasi o`yiniga muxlislarni kiritmaslik mumkin edi-ku, deb. Sizningcha, o`zini hurmat qilmaydigan odamni 1 ta o`yin bilan tarbiyalab bo`larkanmi? Biz muxlislarni stadionga qaytarish ilinjida shuncha harakat qilib turib, yana o`z qarorimiz bilan ularni stadiondan chetga chiqarib qo`yishimiz kerakmi? Muammodan qochish yaramaydi, uni echish kerak. Axir oilaviy sektorlar tashkil qilyapmiz, muxlislar Jahon Chempionatini ko`rishni istasa, Superligada tanaffus qilib beryapmiz, hali Ramazon kunlari bor oldinda. Unda ham ro`zadorlarga qulayliklar yaratib berish niyatimiz bor. Nima demoqchiman, hammasi futbol muxlisi uchun. Madomiki shunday ekan, o`sha muxlislardan hech bo`lmasa o`zlarini hurmat qilishni talab qilishga haqqimiz bo`lishi kerak.
— Biroq ularni ham balki tushunsa bo`lar. Balki yaxshi hakamlik bo`lganida, ular junbushga kelmas edi…
— To`g`ri. Biroq hakam xato qilsa, uni biz jazolaymiz, muxlislar emas. Ular bir narsaga ishonishsin, noxolis hakamlikni o`zimiz ham istamaymiz. Bunday hakamlikka qarshi faqat biz emas, butun jahon kurash olib boradi. Maqsadimiz kim xato qilsa, uni “chopish” emas. Muxlislarning harakati xato bo`lsa, ular bilan ishlash kerak. Hakam xato qilsa, u bilan ham ishlash mumkin. Biroq hakam poraxo`r bo`lsa, shundagina undan voz kechib qo`ya qolamiz. Axir kim xato qilmaydi — hamma. Bilib turib qilingan xato esa kechirishga arzigulik emas.
— Ravshan Ermatovni qo`yish mumkin emasmidi o`sha uchrashuvga?
— Ko`p berishdi shu savolni. Agar men hamma ishga aralashsam, unda o`zimning ishimni kim qiladi? Bizda Hakamlar qo`mitasi bor, Intizom qo`mitasi bor va hokazo. Bu birinchidan.
Ikkinchidan, mana sizga taqvim. 5-turga nazar soling. “Lokomotiv” — “Qo`qon-1912” o`yini sizningcha qanday? “Nasaf”ning Namanganga tashrifi-chi? Superligada shunday muhit istayapmizki, o`tkinchi o`yinlar bo`lmasin. Superliga faqatgina “Buxoro” yoki “Paxtakor”dan iborat emas.
Uchinchidan, Ravshan Ermatov afsuski bizda 1 dona. Uni har turda olti bo`lakka bo`lib, hamma o`yinga qo`yib chiqishning iloji yo`q. Imkoni bo`lganida ham bu yo`ldan yurmasdik, bu xato bo`lardi. Hammasini faqat uning elkasiga tashlagandan ko`ra, qolganlarni Ermatov darajasiga olib chiqishga harakat qilsak to`g`riroq emasmi? Chiqa olmas balki, biroq biz hech bo`lmaganda qo`l qovushtirib o`tirgan bo`lib chiqmaymiz.
To`rtinchidan, Ermatov kabi FIFA referilarining zimmasida xalqaro o`yinlarni boshqarish kabi vazifa ham bor. Agar ularning safari yaqin bo`lsa, hakamlarni taqsimlashda ham shundan kelib chiqiladi.
Beshinchidan, uchrashuv tizginini qo`ldan chiqargan hakamga jazo chorasi bor. Xato qilsa, u ustida ishlashga majbur. Ammo bilib turib xato qilsa, aytganimdek, undan voz kechamiz.
— Hech o`ylab ko`rdingizmi, hamma muammo faqatgina “Paxtakor” bilan o`yindan keyin boshlanyapti…
— To`g`ri, adashmasam bu to`rtinchisi. Bu klubga nisbatan kimda nafrat bor, kimda boshqa bilmadim-u, lekin holatlar aynan uning ishtirokidagi o`yinlarda bo`layotgani o`zingiz aytganingiz kabi bor gap. Men sizni ishontirib aytamanki, o`sha kuni Buxoroda “Bunyodkor” yoki “Navbahor” mehmon bo`lganida-yu, holat takrorlanganida ham baribir shu chora ko`rilardi.
Men hatto safarda bo`lganimda ham Superliga o`yinlarini jonli ko`rishga harakat qilaman. O`sha kuni xonada bir necha kishi bilan o`yinni birga tomosha qilayotgandik. Stadiondagi hunuk manzara TV orqali shunday aniq eshitildiki, futbol ko`rayotgan millionlab odamlar o`sha hunuk so`zlarni biz bilan barobar eshitishdi. Bunday holat bir necha bor takrorlandi. Shunday keyin ham jim o`tirishimiz kerakmidi yoki “Sport”dagi jonli translyasiyani to`xtatishimiz kerakmi, uyida o`tirgan bolalarning tarbiyasi ham “Buxoro”dagi stadiondan sabab buzilmay qo`ya qolsin deb. Axir jonli efirlarga qancha mashaqqat bilan erishayotganimizni hamma ko`rib turibdi-ku.
Men tushunaman, sport hissiyotlar bilan chambarchas bog`liq. Milliy terma o`yiniga tushganimizda ham o`zimiz bilmagan holda hunuk so`zlarni aytib yuboramiz. Bu tabiiy bir jarayon va bundan muxlislarni hech kim mosuvo ham qilmoqchi emas. Futbolni jim tomosha qilsa, unda ko`rmay qo`ya qolgan yaxshi-ku. Ammo ommaviy ravishda, qandaydir ahmoqlarga ergashib bunday ish qilishni oqlamaymiz. Hakamga e`tiroz bormi, stadion shovqin ko`tarsin, muxlislar “Buxoro” bilan har qanday holatda ham birga ekanini ayta olishsin baralla, hunuk so`zlari yo`q krichalkalardan bemalol foydalanishsin. Biroq tartibsizlik keltirib chiqarish, ommaviy ravishda buzuq so`zlarni ishlatishga qarshi kurash olib boramiz. Mayli, hozir tanqid qiluvchilar ko`pdir. Biroq vaqti kelib odamlar o`zini hurmat qilishga ko`nikib borsa, bu bizning yutug`imiz bo`ladi.
— Aytaylik, klub 300 millionni to`lay olmadi. Nima bo`ladi?
— To`lamagunicha qo`yilmaydi. Mana shunday jarima to`langanidan keyingina stadion va klub rahbariyati eng shimarib ishlaydi. Fan-klub faollashib, har bir sektor uchun javobgarlar qo`yiladi, muxlislar bilan uchrashuvlar o`tkaziladi, ular uchun sharoitlar yanada yaxshilanadi. Yo`qsa ish davom etaveradi. Muxlislar zavq olishi uchun stadionga kelaversin, eshiklar ochiq. Biroq zavq olish uchun “Buxoro” stadionidagi o`rindiqlarni sindirish, aytaylik stadionga biror buyumni uloqtirish shart emas, bunday ishlarga qarshi jiddiy kurashiladi. Biz har bir odamning og`zidan chiqayotgan so`zga taqiq qo`ymoqchi emasmiz, biz ommaviy tartibsizlikni yo`qotish ustida ish olib bormoqchimiz.
— Yuqorida kim ham xato qilmaydi, deb aytib o`tdingiz. Buxorolik futbol muxlislari o`z xatolarini tushunib, videomurojaat bilan ham chiqishdi.
— Birinchi xatoni kechirish mumkin. Ikkinchisi bu ish odatga aylanayotganidan darak beradi. Menga muxlislar murojaatini ko`rsatishdi. Bir tarafdan xursand bo`ldim, eplay olishlariga ishongim keldi. Biroq hammasi faqat quruq gapdan iborat bo`lib qolmasligi kerak. Endi o`sha 300 millionni qaytarish muxlislarning o`z qo`lida bo`ladi. Klublari rivojini chindan ham istashsa, o`zlarini hurmat qilishsin va chiroyli muxlisliklari bilan 300 millionni “Buxoro”ga qaytarishsin.
Na PFL, na O`FA o`sha pullarni eb ketmaydi. Hech kim “Buxoro”ning puliga tegmaydi! Birinchi bosqich yakunlariga ko`ra hammasi joyida bo`lsa, xato qilganlar xulosa chiqargan bo`lsa, pul qaytariladi. Ish davom etadigan bo`lsa, 300 millionning hammasiga bolalar bog`chalari uchun sport anjomlari sotib olamiz va tarqatib yuboramiz. Futbolni ham, tarbiyani ham shulardan boshlamasak, qon bilan kirgan narsa, jon bilan chiqar ekan degan xulosaga kelib qolamiz.
— “Navbahor” va “Bunyodkor” uchun solingan jarimalarning taqdiri nima bo`ldi?
— Ulardan voz kechdik. Muhimi har ikki klubga va shu orqali qolganlarga ham O`FA qarorlarini hurmat qilish kerakligini tushuntirdik. U o`rtoqlik o`yini bo`ladimi yoki boshqami — o`z xatosini tushunib etmaganlar sportga qadamini ham bosmaydi. O`FA qaroridan keyin uni muhokama qiladigan odamlar, klublar vakillari topildi, hammasidan xabardormiz. Ammo futbolchining harakati chetda qoldi. Biz esa uni chetda qoldirmaymiz. Til uchida xato qildim deb, qo`ygani kam. Har kim nima qilganini ongli ravishda tushunsin va qolganlarga ham shuni tushuntira olsin. Klublar esa tartib haqida unutmasin. Oldingi davrlar o`tib ketdi. Endi hammasi boshqacha bo`ladi.
“Buxoro” ham o`ylamasin, puldan shunchaki voz kechiladi deb. O`FA bir marta kechiradi, ikki marta kechiradi. Keyin kech bo`ladi. “Navbahor” bilan bo`lgan voqea “Buxoro”ga o`rnak bo`lsin, “Buxoro” voqeasi yana boshqa klubga. Nima demoqchiman, 1 ta voqeadan hamma xulosa chiqarsin. Bizda birinchi marta shunday bo`ldi-ku degan gaplar o`tmaydi. Bu futbol maydoni emas har bir futbolchiga alohida sariq va qizil ko`rsatib chiqadigan. Biz uchun kimdirning xatosi qolganlar uchun ham saboq bo`lishi shart.
Ikkinchi mavzu — Abramov, Babayan, Ahmadaliev masalasi…
“Bu savollarimning yarmi edi” deganimda Ahmadjonov qanday qaraganini tasvirlab bera olmayman (: Aksiga olib o`sha kadrni muxrlab qo`yish uchun fotokameram ham yo`q edi.
Shu ergacha suhbatimiz davomida Ahmadjonovning mobil telefoni kamida 20 marta o`z egasini chaqirdi. Ular orasidan faqatgina 1 tasiga javob berildi (Qo`qonda qurilishi kerak bo`lgan stadion masalasida).
— Tartib haqida gapirdingiz. Keyin esa xatosidan xulosa chiqarganlarga imkoniyat berish haqida ham. Vadim Abramov bilan nima yuz berganini ochig`ini tushuna olmaganman. Lekin menimcha u yaxshi mutaxassis edi…
— Ha, u yomon ishlamagan. Ammo siz tushunmagan narsalarni uning o`zi juda yaxshi tushunadi. Kim nima qilgan bo`lsa ham, bu unga hamma narsa mumkin degani emas. Abramov misolida buni qolganlar ham tushunib olishi kerak.
Uning kabi mutaxassislarni chetga chiqarib, biror nima yutmaymiz. Abramov futboldagi bilimlarini kimgadir o`rgatishi, qaysidir klub bilan ishlashi, muvaffaqiyatga erishishi mumkindir. Bemalol. U futbolga qaytadi, aniqrog`i, biz uni futbolga shunchaki dushman qilib qo`ya olmaymiz. Chunki hayotining katta qismini shu sohaga bag`ishlagan. Aksincha, undan o`rganish mumkin bo`lgan jihatlar bormi, marhamat, o`rgatsin, shogirdlar orttirsin, futbolchilar etishtirib chiqarsin. Biz uni erkin fikrlari uchungina chetga chiqarib qo`ymadik.
Ayni paytda futbolda faoliyat olib borayotganlar bir narsani yaxshilab bilib olsin. Qaysidir murabbiyda, qaysidir futbolchida yoki rahbarda qing`irlik, korrupsiya holati yoki qandaydir boshqa jinoyat ko`rinsa, ular endi qonun oldida javob beradi. Hech kim o`z manfaatini klubnikidan, muxlislarnikidan ustun qo`ymaydi. Chunki futbol hammaniki, meniki yoki sizniki emas. Shavkat Miromonovichdan shunday topshiriq bor, buyog`iga davlat pulini, xalq pulini kimdir eb ketishiga yo`l qo`ya olmaymiz. Shuningdek, kimdir totalizator kompaniyalari orqali pul ishlab olish maqsadida futboldan, futbolchilardan foydalanayotganini sezib qolsak, ularga ham jiddiy choralar ko`riladi. Biz futbol bo`yicha chora ko`ramiz, qolgani bilan prokuratura shug`ullanadi. FIFA aytgan, futbolga hech kim aralasha olmaydi, deb o`ylashmasin. O`z-o`zidan tashqi ta`sir futbolga burun suqmaydi, biroq biz uning ichidagi qurtlarni quritish uchun harakat qilamiz. O`sha FIFAni boshqargan amaldor insonlar vaqti kelib javob berayotganini hamma ko`rib, bilib turibdi.
— O-o, demak Vadim Abramovga yana imkoniyat berilishi haqida birinchi bo`lib men bilyapmanmi?
— Yaqin orada uning ishini Ijroqo`m qayta ko`rib chiqadi. Abramov o`z tajribasi bilan O`zbekiston futboliga foyda keltirishni istasa, unga imkoniyat beriladi.
— Babayan masalasi nima bo`ladi? Bungacha uning chetlatilgani haqida o`qigandik. Futbolga qaytganini Latviya nashrlaridan bildik.
— Uning borasida pozisiyamiz o`zgarmaydi. Milliy terma jamoadan o`z manfaati yo`lida foydalangan deb hisoblaganimiz uchun ham yaqin orada o`zbek futboliga qaytarishni rejalashtirayotganimiz yo`q. O`FA qarori faqat biz uchun amalda bo`ladi. Xalqaro miqyosda esa omadini bersin. Endi bizning futbol faqatgina bitta insonga qarab qolmaydi, faqat bir kishi hammasini o`z holicha hal qilib tashlamaydi. Hamma bir yoqadan bosh chiqarishga intiladi. Shuningdek, nasib bo`lsa mundialni o`tkazib olsak, xorijlik tajribali mutaxassisni ham O`zbekistonga olib kelamiz.
— Yoshini kichiklashtirgan deb topilgan futbolchilar haqida-chi? Ular nimadandir umid qilishi mumkinmi?
— Bu jiddiy masala. Biz bunday illatni butkul yo`qotish uchun harakat qilamiz. Yaqin kelajakda futbolga kirib kelayotgan har bir bolani umumiy bazaga kiritish va shu orqali ularni nazorat qilish tizimini O`zbekistonga olib kiramiz. Bu tizim Evropa va Osiyoning ayrim mamlakatlarida muvaffaqiyatli ishlayapti. Bunda qandaydir futbolchi 14—15 yoshida paydo bo`lib qolmaydi, biz ularni o`sha kichik guruhchalarda to`p tepishni boshlaganidan buyon nazoratga olamiz. Bu esa yuqoridagi illat uchun yaxshigina bolta uradi.
Shu vaqtgacha o`zimizni aldab keldik bolalar va o`smirlar futbolida natija ko`rsatib. Endi biz ulardan natija talab qilmaymiz. Murabbiylar olayotgani sovrini bilan maqtanishni yig`ishtirsin, ular qanday saviyadagi futbolchilarni tarbiyalab berayotganiga e`tibor qaratsin.
— Lekin Ahmadalievni olib qarasak, u o`z qanotida terma jamoa darajasiga chiqishi mumkin edi. Qolaversa, xato qilganida ancha yosh bo`lgan. Keyin esa xulosa chiqarib, o`z ism-sharifi bilan o`ynashni boshlagandi.
— Ha, o`sha Dilshod Ahmadaliev ham, boshqasi ham juda yosh vaqtida xato qilgan. Biz kap-katta odamlarni kechirib, iqtidorlarni futboldan bezdirib qo`ymaymiz. Ularni qaytaramiz futbolga. Niyatimiz odamlar ko`nglini sportdan bezdirish emas, sport ichidagi illatlarni yo`qotish. O`sha Ahmadaliev va boshqalar misolida futbol murabbiylari ham, boshqalar ham qulog`iga yaxshilab quyib olsin, endi oldingi futbol yo`q. Oldingi futbolda ishlagan murabbiylar ham, rahbarlar ham, endi yangi talablar bo`yicha birdek javobgar bo`ladi. Keyingi safar faqatgina futbolchini emas, murabbiyi va o`sha maktab rahbarini ham qo`shib haydaymiz, futbolchining ota-onasi esa davlat hujjatini soxtalashtirish bo`yicha jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bunday bo`lmasligi uchun murabbiylar, klublar rahbarlari har bir bolani yaxshilab tekshirsin, maktabi ham, bog`chasi ham, mahallasi ham chetda qolib ketmasin. Ota-onalar esa ozgina aqli bo`lsa, murg`ak bolalarni jinoyat yo`liga boshlamasin. So`nggi pushaymon o`zingga dushman deganlaridek, biz bolalarni emas, ularni bosh aybdor deb hisoblaymiz.
Suhbat yakunida Ahmadjonovga samimiy minnatdorchilik bildirdim. U bilan suhbatgacha umuman boshqa odamni tasavvur qildim. Ammo Abramovning qaytishi, Ahmadalievga yana imkon berilishi, “Buxoro” futbol klubi bilan bog`liq masalalar kayfiyatimni ko`tardi.
Men yuqorida aytganim kema cho`kib ketadimi yoki yo`q ma`lum emas. Ammo uning ichidagilar harakat qilyapti. Harakat qanday samara berishini vaqt ko`rsatadi. Ahmadjonovning o`zi aytganidek, xato hammada bo`ladi: kimdir bilib qiladi, kimdir esa bilmasdan. Umid qilamanki, balki 1 yil, balki 4—5 yildan keyin Toshkentga qaytganimda bizda umuman boshqacha futbol bo`ladi.
Matlyuba Mustaeva suhbatlashdi, www.championat.asia sayti










