AsosiyJamiyat

Respublika hududiga ​5 mlrd so`mga yaqin tovarlarni noqonuniy olib kirilishiga chek qo`yildi

'Respublika hududiga ​5 mlrd so`mga yaqin tovarlarni  noqonuniy olib kirilishiga chek qo`yildi'ning rasmi

Davlat bojxona qo`mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorlikda bojxona to`lovlarini to`lamasdan juda ko`p miqdordagi televizorlarni respublikaga noqonuniy olib kirish bilan bog`liq jinoyatni fosh etishdi.

Birlashgan Arab amirliklaridan “People group Uz” korxonasi nomiga yuborilgan 2 ta temir yo`l konteyneridagi yuklar bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish maqsadida “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga etib kelgan.

Garchi yo`l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko`ra, ushbu konteynerda 1644 dona televizorlar keltirilgani ma`lum qilingan bo`lsa-da, hujjatlardagi ma`lumotlarning o`chirilganligi va bo`yalganligi bojxona xodimlari tomonidan ushbu yuklarning alohida nazoratga olinishiga sababchi bo`ldi. Shuningdek, yuk egalarining o`z tovarlarini olish uchun kelmaganligi bu boradagi shubhalarni yanada kuchaytirdi.

Shundan so`ng, ushbu konteynerlar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida bojxona ko`rigidan o`tkazilganda har ikkala konteyner ham bo`m-bo`sh ekanligini aniqlandi. Boz ustiga, soliq va bojxona idoralaridagi mavjud axborot bazalarida hujjatlarda ko`rsatilgan “People group Uz” korxonasi aslida umuman mavjud emasligi ham ayon bo`ldi.

Mazkur hodisadan so`ng Davlat bojxona qo`mitasi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda zudlik bilan tezkor-tekshiruv tadbirlari amalga oshirildi. Natijada, ushbu yuklar “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga etib kelgunga qadar fuqarolar N. X va A.A. tomonidan oldindan jinoiy til biriktirilgan holda konteynerdan tushirilib, qayta sotish maqsadida poytaxtimizdagi savdo markazlariga hamda bir qismi fuqaro A.U.ning xonadoniga yashirilganligi fosh bo`ldi.

Hozirda ushbu qonunbuzarlik holati yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar