AsosiySiyosat

Prezident Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqot qildi

'Prezident Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 fevral kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu xaqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Prezident Rejep Tayyip Erdog`anni tug`ilgan kuni bilan samimiy qutlab, uning O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi qardoshlik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan katta e`tibori va sa`y-harakatlarini hamda qo`shayotgan ulkan hissasini alohida qayd etdi.

Suhbat chog`ida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasidagi samarali uchrashuv va muzokaralar ko`p qirrali va o`zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani hamda aniq amaliy mazmun baxsh etgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezident Rejep Tayyip Erdog`an Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga tabrik va ezgu tilaklar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O`zbekiston Prezidenti timsolida O`zbekiston – Turkiya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash borasida haqiqiy birodar va hamfikrga ega bo`lganini alohida ta`kidladi.

Mazkur tarixiy tashrif yakunlari bo`yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan, savdo, investisiya, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qo`shma loyihalarni hayotga to`liq tatbiq etish borasida kelishib olindi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`anning O`zbekiston Respublikasiga bo`lg`usi oliy darajadagi tashrifiga tayyorgarlik ko`rish hamda muqaddam erishilgan kelishuvlarni bajarilishi masalalari yuzasidan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiyaning navbatdagi yig`ilishini tashkillashtirish muhimligi e`tirof etildi.

Suhbat chog`ida ikki mamlakat rahbarlari o`zbek-turk hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo`yicha fikr almashdi.

Muloqot so`ngida davlat rahbarlari O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi azaliy do`stlik va qardoshlik aloqalari hamda an`anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.

    Boshqa yangiliklar