AsosiyJamiyat

Namangan “Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalarini qabul qilishga deyarli tayyor

Namanganda “Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalariga tayyorgarlik ishlari yakuniga etkazilmoqda.

shbu nufuzli sport anjumanining tantanali ochilish va yopilish marosimlarini yuksak saviyada, bayramona ruhda tashkil etish, ishtirokchi va mehmonlarning bo`sh vaqti mazmunli o`tishini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilayotir.

– Ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida ko`plab ko`ngilochar tadbirlar tashkil etiladi, – deydi “Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari madaniy-ma`rifiy tadbirlarini o`tkazish bo`yicha ishchi guruh a`zosi Abdurashid Madaliev O`zA muxbiriga. – O`quvchi-yoshlar Namanganning diqqatga sazovor joylari, ta`lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtiriladi. Talabalar turar-joylarida “Barkamol avlod – kelajak poydevori”, “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!”, “Farzandlari sog`lom yurt qudratli bo`lur” shiorlari ostida madaniy-ma`rifiy tadbirlar – konsertlar, filmlar namoyishi, ijodiy uchrashuvlar, mushoiralar tashkil etiladi.

Madaniy-ma`rifiy tadbirlarni o`tkazish bo`yicha tuzilgan guruhlar tarkibiga taniqli madaniyat va san`at namoyandalari, shoir va yozuvchilar, sportchilar hamda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari kiritilgan. Chortoq, Uychi, Uchqo`rg`on, Norin, Kosonsoy, Yangiqo`rg`on, Chust, Pop, To`raqo`rg`on, Mingbuloq va Namangan tumanlari markazlaridagi amfiteatrlar, stadionlar, madaniyat va istirohat bog`larida konsert dasturlari tashkil etiladi.

Dasturda viloyatning tarixiy maskanlari, ishlab chiqarish korxonalari, muzey, teatr hamda madaniyat va istirohat bog`lariga yoshlarning tashriflarini uyushtirish belgilangan. Bu borada viloyat hokimligining alohida tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko`ra, Namangan shahridagi Bobur nomli madaniyat va istirohat hamda “Kamolot” bog`larida viloyatdagi “Yor-yor”, “Uychi taronalari” folklor-etnografik jamoalari, “Qaldirg`och”, “Namangan gullari” ashula va raqs hamda “Samo” vokal-cholg`u ansambllari, “Iste`dod” guruhi vakillarining konsert dasturlari namoyish etiladi.

Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatrida yoshlar hayotidan hikoya qiluvchi sahna asarlari namoyish etiladi. Musobaqalar oldidan viloyatning barcha tumanlaridagi chekka qishloqlar hamda bolalar musiqa va san`at maktablarida madaniy-ma`rifiy tadbirlar o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar