Bugungi kunda poytaxtimizda 18 yoshgacha bo`lgan bo`lgan yoshlar umumiy aholining taxminan 32 foizini, 30 yoshgacha bo`lganlar esa 64 foizini tashkil etadi. Shu ma`noda aholimizning aksariyat qismini tashkil etadigan voyaga etmaganlar va yoshlarning huquqlarini himoya qilishning ahamiyati beqiyosdir.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 2 avgustdagi “Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni turar joylar bilan ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi 164-sonli qarori qabul qilingan bo`lib, unga muvofiq, etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni turar joylar bilan ta`minlash belgilangan.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, ushbu qarorning izchil ijrosi ta`minlanib kelinmoqda.
Jumladan, 2012-2013 o`quv yilidan boshlab O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmasi tasarrufidagi ta`lim muassasalarida ta`lim olayotgan mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida Chilonzor tumani, Dilxush ko`chasi, 38 uyda joylashgan sobiq yotoqxona qaytadan ta`mirlanib, ushbu toifadagi bolalarning 80 nafari uy-joy bilan ta`minlanishi rejalashtirilmoqda, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati.
Bunday yutuqlarga erishishda albatta, manfaatdor tashkilotlar, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari hamda voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiyalar o`rtasidagi hamkorlik asosiy mezon bo`lib kelmoqda.





