AsosiyJamiyat

Namanganda 5 tonna sumalak tayyorlanadi

'Namanganda  5 tonna sumalak tayyorlanadi 'ning rasmi

Namangan shahrida Navro`z bayrami tantanalari doirasida 20-21 mart kunlari ilk bor tashkil etiladigan "Sumalak sayli" turizm va milliy qadriyatlar festivali davomida 5 tonnalik qozonda sumalak tayyorlanadi. Bu haqda Vodiymedia.uz xabar qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, buncha miqdordagi sumalakni tayyorlash uchun 2 tonna bug`doy ivitiladi. Bug`doydan tashqari, 2 tonna un, 1 tonna yog`, 450 kg zog`ora uni, 50 kg novvot ishlatiladi. Sumalakni tayyorlash uchun 25 nafar onaxon – sumalak ustalari jalb etiladi.

Tayyorlangan sumalak barcha tashrif buyurgan mehmonlarga tortiq qilish bilan birga, qariyalar va mehribonlik uylariga, mahallalardagi kam ta`minlangan oilalarga tarqatiladi.

Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida o`tkaziladigan "Sumalak sayli" turizm va milliy qadriyatlar festivali Namangan shahar hokimligi tomonidan tashkil etilmoqda. Ushbu festival an`anaga aylanishi rejalashtirilmoqda.

Festival mohiyatiga ko`ra o`zida bahoriy yangilanishga xos bayram shukuhi, o`zbek xalqining milliy qadriyatlari e`zozi, xayriyaparvarlik, barchaga shodlik ulashish kabi xususiyatlarni qamrab olgan ommaviy sayl sifatida namoyon bo`ladi. "Sumalak sayli" turizm va milliy qadriyatlar festivali davomida shahardagi kam ta`minlangan oilalar farzandlarining nikoh hamda xatna to`ylari o`tkaziladi.

Festival davomida turli konsert dasturlari, milliy xalq o`yinlari bo`lib o`tadi, ishtirokchilar bahoriy milliy taomlardan bahramand bo`lishadi.


    Boshqa yangiliklar