Farg`ona viloyati Oltiariq tumanidagi 6-sonli maktabgacha ta`lim muassasasi tarbiyalanuvchisi 6 fevralga o`tar kechasi o`lik holda topildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» Maktabgacha ta`lim vazirligiga tayanib.
Tergov ma`lumotlariga ko`ra, 5 fevral kuni 16:00 atrofida bog`cha hamshirasi M.Qodirova o`zining ikki farzandi bilan birga qaynotasining 5 yoshli qizi Kibriyoxonni olib ketgan. Qizchaning ota-onasi Turkiyada ishlagani sababli u II guruh nogironi bo`lgan bobosi va buvisi qaramog`ida yashagan.
Hamshira uch bolani uydan 50 km masofada qoldirib, o`z ishlari bo`yicha ketgan, bu haqda Kibriyoxonning buvisini telefon orqali ogohlantirgan va undan bolalarni uyiga olib kirishni so`ragan.
Bu vaqtda 30—35 yoshlardagi velosiped mingan erkak bolalarga shirinlik olib berish bahonasida ulardan ikkisini orqa o`rindiqqa, birini oldinga o`tqizgan. Ko`cha boshigacha borgach, erkak ikki bolani qoldirgan va qizchani o`zi bilan olib ketgan.
Taxminan 17:00 da qizning buvisi hamshiraga bolalar uyga kelmaganligini aytgan. Kibriyoxon yo`qolib qolganini bilgach, oila a`zolari mustaqil qidiruv boshlagan va bir soatdan so`ng huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.
Qidiruv ishlari natijasida 6 fevral kuni taxminan 00:20 da Oqbo`yra qishlog`ida Kibriyoxonning tana jarohatlari etkazilgan jasadi topilgan. Ushbu holat bo`yicha tergov olib borilmoqda.






