AsosiyJamiyat

Taxtako`pir tumanida paxta ekiladimi?

'Taxtako`pir tumanida paxta ekiladimi?'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi davomida Qo`ng`irot va Taxtako`pir tumanlarini asosan chorvachilikka ixtisoslashgan hududga aylantirish bo`yicha topshiriq bergan edi.

Xo`sh, endi bu tumanlarda paxta ekiladimi yo yo`q? Bu savolga Taxtako`pir tumani hokimi J.Adilov bunday javob berdi:

– Tumanda umuman paxta ekilmaydi emas, ekiladi. Lekin, paxta er maydonlarini yilma-yil kamaytirib boramiz. Chorvachilik kutilgan natijani berib, yo`lga tushib ketgunga qadar, vaqtincha paxta ekish bo`yicha taklif bildirganmiz. O`tgan yil paxtadan yaxshi daromad oldik. Paxta yig`im-terim mavsumida ko`pchilik ish bilan ta`minlandi.

2018 yilning 1 yanvar holatiga ko`ra, tumanda jami 32 ming 655 gektar ekin maydoni bo`lib, uning 16 ming 752 gektariga joriy yil uchun qishloq xo`jaligi ekinlarini ekish rejalashtirilgan. Ya`ni, 80 gektar erga achchiq qalampir, 2 ming 600 gektar erga qizilmiya, 3 ming gektar erga paxta, 4 ming 400 gektar maydonga kuzgi bug`doy, 100 gektar erga kartoshka, 250 gektar erga poliz ekinlari, 30 gektarga soya, 5 ming 775 gektarga sholi, 350 gektarga beda, 76 gektar erga lavlagi va 396 gektar maydonga boshqa qishloq xo`jaligi ekinlari ekiladi.

Kelajakda tumanimizda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, paxtachilik, g`allachilik, bog`dorchilik, dehqonchilik va ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, issiqxonalar qurish, asalarichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari tayyorlash kabi yangi loyihalar rejalashtirilmoqda. Tumandagi eng ahamiyatli yangilik – “Agro kompleks Qoraqalpog`iston” mas`uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O`zbekiston – Amerika qo`shma korxonasi qurilmoqda.

    Boshqa yangiliklar