Qirg`izistonning Bishkek shahrida boks bo`yicha o`tkazilgan xalqaro turnirda yosh sportchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Musobaqada O`zbekiston, Qirg`iziston, Rossiya,Qozog`iston,Tojikiston kabi davlatdan kelgan 200 nafarga yaqin bokschilar g`oliblik uchun kuch sinashdi.
Musobaqada mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Foziljon Abdumurodov mezbon bokschisi Turat Osmonovni, Fazliddin Meliboev qirg`izistonlik Ermek Sakenovni, Obidjon Tohirov ham yana bir qirg`izistonlik Shaymuhammad Hakimovni mag`lubiyatga uchratib, o`z vazn toifalarida shohsupaning eng yuqori pog`onasidan joy oldi.
Finalga qadar barcha janglarda zafar quchgan Nodirjon Mirzahmedov kumush medalga sazovor bo`lgan bo`lsa, Oybek Jo`raev va Bahrom Fozilov terma jamoamizga bronza medallarini keltirdi.
Shu tariqa turnirda O`zbekiston terma jamoasi a`zolari uchta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medalini qo`lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o`rinni egalladi.






