O`zbekistonlik matematik olim, Fanlar akademiyasi Matematika instituti etakchi ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor O`tkir Roziqov 2018 yil 26 yanvar Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) a`zosi etib saylandi. Bu haqda xalqaro tashkilotning rasmiy saytida xabar qilindi
Butunjahon fanlar akademiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida faoliyat ko`rsatuvchi yirik xalqaro ilmiy muassasadir. Bugungi kunda mazkur nufuzli ilmiy tuzilma sayyoramizning barcha qat`alaridan ming nafardan ziyod etakchi olim, muhandis va ixtirochilarni birlashtirib kelmoqda. Kuni kecha tashkilotning yangi a`zolarini aniqlash bo`yicha barcha haqiqiy a`zolar ishtirokida o`tkazilgan saylovda o`zbek olimi ana shunday yuksak sharafga munosib topildi. Unda ilmiy tuzilma tarkibiga dunyoning 24 mamlakatidan 55 nafar yangi a`zo saylandi. O`tkir Roziqov Markaziy Osiyodan yangi saylangan ikki olimning biridir. Bugunga qadar O`zbekiston olimlaridan to`rttasi (Ayupov Sh.A. - 2003 yilda, Abduraxmonov I.Y.- 2014 yilda, Ganiev R.A. - 2008 yilda, Rozikov O`.A. - 2018 yilda) TWASning haqiqiy a`zolari sifatida saylangan.
Hamyurtimiz matematik analiz, algebra va extimollar nazariyasining zamonaviy usullari bilan fizik va biologik sistemalarning termodinamikasi va dinamikasi nazariyalarini yaratib, ularni tabiiy fanlarda qo`llashda yuksak natijalarga erishgan jahonda ko`zga ko`ringan matematik olimdir.
O`.Roziqov 200 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi, ahamiyatlisi shundaki, nashrlarining katta qismi yuqori impakt-faktorli xalqaro jurnallarda chop etilgan. Olingan natijalari halqaro miqyosda yuqori baholangani bois O`.Roziqov 20 dan ortiq etakchi xalqaro universitet va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`ygan - eng obro`li ilmiy minbarlarda o`z sohasi bo`yicha ma`ruzalar o`qib kelmoqda.
O`.Roziqov yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida ham bir necha yildan buyon sermahsul faoliyat yuritib keladi. Uning ilmiy rahbarligida 8 ta fan nomzodi va 1 ta fan doktori dissertasiyalari himoya qilingan, bugungi kunda shogirdlari orasidan 3 tasi PhD va 2 tasi fan doktori ilmiy darajalarini olishga tayyorlanmoqdalar.
O`tkir Roziqov 1970 yilda Buxoro viloyati, Buxoro tumanida tug`ilgan. Samarqand davlat universitetini tamomlagan. O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida avval aspiranturani so`ngra doktoranturani muvaffaqiyatli yakunlagan. Fizika-matematika fanlari doktori, professor O`tkir Roziqov institutda 2001 yildan buyon etakchi ilmiy xodim lavozimida ishlab kelmoqda.
Fundamental fan sohasidagi qo`lga kiritgan yutuqlari uchun O`.Rozikov 1995 yilda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi mukofoti, 2000, 2001, 2009 yillarda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) muassisligidagi yosh olimlar uchun xalqaro mukofoti berilgan.
2003 yilda “O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi a`lochisi” nishoni, 2017 yilda O`zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti hamda “Springer Nature Top Author” xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan.






