AsosiyJamiyat

Norinlik fermerlar kutubxona qurdi

'Norinlik fermerlar kutubxona qurdi'ning rasmi

Namangan viloyati Norin tumanida uchta kutubxona foydalanishga topshirildi. E`tiborlisi, kutubxonalar tumandagi ilg`or fermerlar tashabbusi bilan barpo etildi.

“Mahammadali ota nabirasi Burhonjon” fermer xo`jaligi qishloq xo`jaligi rivojiga munosib hissa qo`shib kelayotgan peshqadam xo`jaliklardan. Yuqori hosildorlik yuqori daromad va mustahkam iqtisodiyot demakdir. Fermer shunday imkoniyatni ziyo maskani barpo etishga yo`naltirdi. Xo`jalik hisobidan 270 million so`mdan ziyod mablag` sarflab, tuman markazida zamonaviy kutubxona qurdi, deb yozadi O`zA.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 7-8 iyul kunlari viloyatimizga tashrifi chog`ida faollar ishtirokida o`tkazgan videoselektor yig`ilishida xalqimizni ma`naviyatga oshno etish, xususan, o`sib kelayotgan yosh avlodni yuksak ma`naviyat sohiblari sifatida kamol toptirishda kitob va kitobxonlikning ahamiyati beqiyos ekanini alohida ta`kidladi, – deydi “Mahammadali ota nabirasi Burhonjon” fermer xo`jaligi rahbari Nabijon Mamadaliev. – O`sha uchrashuvda aytilgan gaplardan ruhlanib, tuman markazida bitta kutubxona qurishga ahd qilgan edim. Bugun o`sha maqsadim ro`yobga chiqdi. Kutubxona odamlarning sevimli maskaniga aylansa, yoshlarni yuksak ma`naviyatli insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilsa, degan orzudaman. Kelgusida bu erda kitobxonlar tanlovi, shoir-yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar, badiiy asarlar muhokamasi kabi ma`naviy tadbirlar o`tkazishni muntazam yo`lga qo`yamiz.

“Siddiqov Nodirbek” fermer xo`jaligi rahbari Nodirbek Siddiqov tomonidan Qozoqovul qishlog`ida loyiha qiymati 70 million so`mlik, “Bo`stonlik Anvarjon” fermer xo`jaligi rahbari Anvarjon Umarov tomonidan Bo`ston qishlog`ida loyiha qiymati 80 million so`mlik kutubxona qurib foydalanishga topshirildi.

– Ko`p yillar jamoa xo`jaliklarini boshqargan otamning xotirasini abadiylashtirishni orzu qilib yurar edim, – deydi Nodirbek Siddiqov. – Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, kutubxonalar tashkil qilish tashabbuslari ushbu orzuim ro`yobga chiqishiga turtki bo`ldi. Qisqa fursatda otamning shaxsiy kutubxonasi asosida ziyo maskani tashkil qilganimdan xursandman. Ushbu ziyo maskanida elektron kutubxonadan foydalanish imkoniyati ham yaratilgan.

Mazkur kutubxonalarning har biri 3 ming nusxadan ziyod kitob fondiga ega. Ziyo maskanlariga viloyat hokimligi tomonidan 60 million so`mlikdan ziyod kitoblar to`plami tuhfa etildi.

Kutubxonalarning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar