AsosiyJamiyat

Kunni-tunga ulaydigan navbatlari bilan mashhur "Fayzobod GAI"si

'Kunni-tunga ulaydigan navbatlari bilan mashhur "Fayzobod GAI"si'ning rasmi

Toshkent shahar IIBB YHXB Imtihon olish va qayd qilish bo`limi poytaxtliklar orasida "Fayzobod GAI"si nomi bilan ham mashhur. Ijtimoiy tarmoqlarda bu maskanning aholiga ko`rsatayotgan xizmati haqida achchiq-shirin gaplar bo`lib turadi.

Yaqinda internet foydalanuvchilaridan ba`zilari o`zlari guvoh bo`lgan voqealarga asoslanib, "Fayzobod GAI" haqida shunday yozishdi ham:

"Bugun men Fayzoboddagi GAIga nomer (raqam) almashtirgani borgan edim. Yurliso (yuridik shaxs) uchun ajratilgan 4 ta okoshka (darcha)dan bittasi ishladi. Obed (tush vaqti)dan keyin 2 ta bo`ldi.... Zal to`la odam, ochered (navbat)... 4.30 (vaqt 16.30)da zo`rg`a ishim bitdi..."

"Fayzobod GAI"da ochered (navbat)ga qarab bo`lmaydi, haliyam eski tos, eski hammom, parkovka(avtomobillarni qo`yish joyi)si yo`q, ujas (dahshat)..."

Xullas, ba`zi yurtdoshlarimizning shu kabi "e`tirof"lariga sazovor bo`layotgan "Fayzobod GAI"siga yo`l oldik. "Eski tos, eski hammom, parkovkasi ham yo`q, ujas"ni o`rganmoqchi, vaziyatni tahlil qilmoqchi edik, deb yozadi O`zA.

Soat 9.10.Toshkent shahar IIBB YHXB Imtihon olish va qayd qilish bo`limidamiz. Avvalo, maskan hovlisida avtomobillar turargohi borligiga ko`zimiz tushdi. Jarimalar va boshqa to`lovlarni to`lashga mo`ljallangan 2 ta kassa ham ochiq. Ularda uch-to`rt kishi navbatga turibdi, xolos. Xolosni tilga olganimizga hayron bo`lmang, chunki bunaqa joyga odamlar sahar bo`lmasdan kelib navbat olishlari haqida uzun-quloq gaplarni eshitgan edikda.

Bino ichida ham ahvol shu ekan. Haydovchilik guvohnomasi uchun suratga tushirish xonasi eshigi oldida navbat kutib turgan 3-4 kishini hisobga olmaganda aksariyat xizmat ko`rsatish xonalarining oldida hech kim yo`q. Yuridik, jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillarni ro`yxatga oluvchi darchalari bor zal esa huvillab turibdi. Xodimlar 4 ta darchadan xizmat ko`rsatishga mushtoq turibdiyu, murojaat qiluvchidan darak yo`q. Sherigim bilan kutishga qaror qildik, zora kimdir kelsa deb. Soat 10.12 da bo`limning "jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillarni ro`yxatga olish" darchasiga ikki yigit yaqinlashdi. Ular ham ishini tez bitirib, ketishdi...

4.JPG

Axir, "Fayzobod GAI"si kunni-tunga ulaydigan navbatlari bilan mashhur ediku, nima unga ko`z tegdimi, deb bergan hazil savolimizga ism-sharifini yozmasligimizni so`ragan xodimlardan biri shunday javob berdi:

– Dam olish kunlarida mashina oldi-sotdisi ko`p bo`ladi. Dushanba kunida esa biz fuqarolarni qabul qilmaymiz, ya`ni shu kuni ishlamaymiz. Shu bois haftaning ikkinchi va uchinchi kunida murojaat qiluvchilar ko`p bo`ladi. Qolgan kunlarda esa ahvol xuddi bugunday...

3.JPG

Hozircha o`sha xodimning gapi va o`z ko`zimizga ishongandaymiz. Chunki "Fayzobod GAI"sining seshanba-chorshanbadagi ahvoliga hali guvoh bo`lmadik. Sizchi, yo`l harakati xavfsiziligini ta`minlashdan tortib haydovchilarni imtihon qilish, avtomashinalarni ro`yxatga olish va yana ko`plab xizmatlar zimmasida bo`lgan YHXBlar haqida qanday fikrdasiz?

    Boshqa yangiliklar