Ispaniya Sanoat, Energetika va turizm vazirligi Xalqaro bo`limi boshlig`i Mariya Anxeles Martines Mingesaning O`zbekistonga keldi. Mehmon 30 yanvar kuni Toshkentda, 31 yanvar kuni Samarqandga tashrif buyurdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mariya Anxeles kun davomida Samarqandning tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari va mustaqillik yillarida barpo etilgan bino va inshootlar, sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Shuningdek, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan san`at namunalari, ayniqsa “Samarqand-Buxoro” qo`shma korxonasidagi ipak gilamlarini to`qish jarayoni Mariyaxonimda katta taassurotlar qoldirdi.

Kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahar hokimi F.Raximov, Turizmni rivojlantirish viloyat boshqarmasi, viloyatda faoliyat ko`rsatayotgan turoperatorlar, mehmonxonalar, restoranlar, muzeylar, ta`lim muassasalari va turizm sohasiga aloqador boshqa korxonalar vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Samarqand shahar hokimi F.Raximov so`zga chiqib, joriy yilning yanvar oyida Ispaniyaning Madrid shahrida o`tkazilgan FITUR nomli turistik ko`rgazmada joriy yilning birinchi yarmida Samarqand va Valensiya shaharlari o`rtasida birodarlik memorandumini imzolash, mart oyida Valensiya shahrida “Samarqand kunlari” turistik va madaniy tadbirlarini tashkil etish hamda turizmga aloqador bir qator loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo`yicha kelishuvlarga erishilganligini ta`kidlab o`tdi.
Shu bilan bir qatorda, Mariyaxonim so`zga chiqib, Samarqand boy turistik salohiyatga ega ekanligi, ikki davlat o`rtasidagi aloqalar uzoq tarixga borib taqalishini hamda kelgusida hamkorlik ishlarini yanada jonlantirish lozimligini ta`kidlab o`tdi.

Davra suhbati jonli muloqot tarzida davom ettirilib, turizm soha sub`ektlari o`zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob olishdi.
Tashrif davomida Mariya Anxeles Martines quyidagi takliflarni bildirdi:
1. Registon maydonidagi bo`sh turgan xujralarda kafeteriy va mehmonxona xizmatlarini tashkil etish (Ispaniyada madaniy meros ob`ektlarida keng tarqalgan);
2. Ulug`bek rasadxonasi hududida yulduzlarni kuzatish uchun maxsus maydonlarni tashkil etish;
3. Restoratorlar, turoperatorlar, mehmonxonalar assosiasiyasini tashkil etish;
4. Sayohlarning rasmga tushishga qiziqishi yuqoriligini inobatga olib, selfi tushish uchun maxsus joylarni ko`paytirish. (Samarqand bilan bog`liq yozuvlar, tabiiy landshaft ko`rinishi aks ettirilgan konstruksiyalar o`rnatish).
5. Mehmonxonalarda, savdo do`konlarida o`zbek milliy liboslarini ijaraga berish tizimini yo`lga qo`yish;
6. Hunarmandlar markazlarida san`at namunalari, ovqatlanish ob`ektlarida taom pishirish jarayonida sayohlarning bevosita ishtirok etishini yo`lga qo`yish.
7. Madaniy meros ob`ektlarida faoliyat ko`rsatayotgan gidlarning tarixiy qahramonlar liboslarida yurishlarini tashkil etish.







