Futzal bo`yicha Osiyo chempionati «B» guruhi 1-turida O`zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib bordi va 13:2 hisobidagi yirik g`alabani nishonladi.
Bahsdan keyin bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
«Osiyo chempionatini muvaffaqiyatli boshlab olganimizdan mamnunman. Birinchi uchrashuv doim qiyinchilik tug`diradi. Janubiy Koreyaga qarshi o`yindan ko`nglim to`q, ammo baribir xatolar kuzatildi. Xatolar ustida ishlab, ularni bartaraf etishga harakat qilamiz.
Bugun har bir futbolchi yaxshi o`ynadi va uning samarasi hisobda aks etdi. Tan olish kerak, Janubiy Koreya termasi biz o`ylaganchalik kuchli bo`lib chiqmadi, yigitlar ularga etarlicha qarshilik ko`rsata oldi.
Endi e`tiborni navbatdagi o`yinlarga qataramiz. Ertadan yana mashg`ulotlar o`tkazib, Tojikiston bilan bellashuvga tayyorgarlik ko`ramiz. Tojikiston – kuchli jamoa. Ular bejizga Osiyo chempionati final bosqichiga yo`l olmagan. Yigitlar bu o`yinni ham g`alaba bilan yakunlashiga ishonaman», – dedi Bahodir Ahmedov O`FF matbuot xizmatiga.






