AsosiyJamiyat

Sergeli metro liniyasi yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda

Milliy matbuot markazida Toshkentda Sergeli va Yunusobod yo`nalishidagi metro qurilishi, katta halqa yo`li bo`ylab qurilish jarayoni, bu borada qo`llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, joriy yilda amalga oshirilishi ko`zda tutilgan chora-tadbirlarga bag`ishlangan brifing tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Unda "O`zbekiston temir yo`llari" AK boshqaruvi raisi o`rinbosari, "Toshkent metropoliteni" UK rahbari ma`lumot berdi.

Uzunligi 7,1 kilometr bo`lgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi 2020 yilga qadar qurib, foydalanishga topshirilishi ko`zda tutilgan. Sergeli metro liniyasi hozirgacha Markaziy Osiyoda qo`llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Mazkur liniya ko`priksimon tarzda quriladi, poezdlar er ustida harakatlanadi. Ushbu yo`nalishda 6 bekat bo`ladi. Qiziqarli yana bir jihat, poezdlar to`xtash maskani, ya`ni bekatlar 4 vagondan iborat metro poezdiga mo`ljallab quriladi. Bekatlarda yo`lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus lift va eskalatorlar o`rnatiladi.

Yunusobod yo`nalishining yangi yo`nalishi esa 2019 yilda to`la nihoyasiga etkazilishi ko`zda tutilgan. Hozirda bu ob`ektda 100 dan ziyod malakali muhandis va ishchilar, 40 ga yaqin maxsus texnikalar jalb etilgan. Hozirgacha ushbu qurilishda kotlovanni tayyorlash va tuproqni chiqarib tashlash ishlari to`liq yakunlangan.

Uchinchi loyiha – er usti metro halqa yo`li qurilishi bo`lib, uning umumiy uzunligi 52,1 kilometrni tashkil etadi. Ushbu yo`nalish bo`yicha poezdlarning o`rtacha harakat tezligi soatiga 60 kilometrga etadi. Halqa bo`ylab yo`lni bosib o`tish vaqti 1 soat-u 10 daqiqa etib belgilangan.

Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining "Do`stlik" bekatidan Qo`yliq bozorigacha bo`lgan 8 bekatdan iborat qismi quriladi. Keyinchalik u "Olmazor", “Beruniy”, “Bodomzor” hamda “Tuzel” bekatlari orqali yana “Do`stlik” bekatiga tutashadi. Mazkur metro yo`li Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari hududidan o`tadi.

Ayni paytgacha bu erda 47,5 ming kub metr tuproq ishlari bajarildi. Rejaga ko`ra ushbu metro liniyasida 35 bekat quriladi.

    Boshqa yangiliklar