Yanvar oyining boshida Xitoyning kambag`al qishloqlaridan birida yashovchi 8 yoshli Vang Fuman ismli bolakay bir kunda ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylangandi. “Sputnik” axborot portalida ana shu mitti qahramonning asli kim ekanligi, murg`ak qalb egasi fidoyilik ko`rsatishiga nima sabab bo`lgani, uning jasurligi, irodasi tagzamini, haqiqiy o`g`il bolaning keyingi sarguzashtlari haqida qiziqarli material berildi.
Unda yozilishicha, Vang Fuman Xitoy shimolida joylashgan Sinsze nomli kichik posyolkada yashaydi. U har kuni maktabga borish uchun 5 km masofani piyoda bosib o`tishi kerak. O`sha kuni ertalab keskin sovuq tushgan va havo harorati - 9 darajagacha sovib ketgan. Ustiga ustak, uning issiqroq kurtkasi ham bo`lmagan, lekin bu qiyinchiliklar bolakayni to`xtata olmagan, u baribir maktabga yo`l olgan.
Maktab direktori Fu Xenning aytishiga qaraganda, u bolakayni ko`rib o`z ko`ziga ishonmagan. U sinfga kirganda sochlari va qoshlarida uzun-uzun muz bo`laklari qotib qolgan bo`lgan. Yuzi esa sovuqdan olovdek qip-qizarib ketgan edi.
U bolakayni shu ko`rinishda suratga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan. Surat bir zumda ommaviylashib ketgan.
Nafaqat Xitoy balkim dunyoning barcha nuqtalaridan bolaga yordam berishni istaydiganlar paydo bo`lgan. Bolakayni “Ice Boy”, ya`ni “Muz bola” deb atashgan.
Maktab direktori aytishiga qaraganda, bolakay buvisi va opasi bilan juda kambag`al sharoitda yashaydi, lekin o`qishda juda tirishqoq, chunki u o`z turmush sharoitini faqat ilm olish bilan yaxshilashiga ishonadi.
Tez orada butun dunyodan bolakay o`qiydigan maktabga 15 000 AQSh dollari miqdorida xayriya puli kelib tushgan. Unga 20 ta isitgich va 144 juft issiq kiyim-bosh sotib olingan.
Ushbu voqedan biroz o`tib, bolakayni Pekin shahriga taklif qilishgan. U erda Vangni katta ehtirom bilan kutib olishgan va uning sharafiga xayriya tadbiri tashkillashtirilgan. Bolakay telekanallar orqali o`zi boshidan kechirgan voqeani so`zlab bergan. Shundan so`ng salkam 3 million yuan(450 000 dollar)ga yaqin xayriya puli jamlangan.
Xabarda aytilishicha, ushbu mablag` bolakay yashab turgan tumandagi barcha maktablarni issiqlik bilan ta`minlashga etadi
Kelajakda polisiya xodimi bo`lishni orzu qilgan bola uchun polisiyachilar Pekinda ekskursiya tashkil etib berishgan. Uni polisiyachilar o`z motosikliga mindirishgan, park va sun`iy qoyaga olib borishgan. Ayni paytda samolyot va poezdga ilk bor mingan. Ammo, bolakayning aytishiga qaraganda, unda eng katta taasurot qoldirgan narsa, bu – Pekindagi uylarning issiqligi bo`lgan.
“Bu erda uylar shunchalik issiq ekanki, bir qavat kiyimda ham uxlash mumkin. Biz uyimizni isitish uchun ko`mir yoqamiz va bir necha qavat kiyim kiyib yotamiz”, - degan bolakay jurnalistlarga.
Bolakayning muxlislari esa uning tirishqoqligiga qoyil qolib, u kelajakda albatta muvaffaqiyatga erishishiga ishonishmoqda.






