Jamiyat taraqqiyotiga, fuqarolar manfaatlariga putur etkazuvchi bu illatdan qutilish uchun adliya tizimida yangicha yondoshuv asosidagi amaliyot joriy etiladi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.
“Manmanlik, qo`pollik, oddiy odamlarga past nazar bilan qarab g`o`ddayib yuradigan xodimlar oramizda yo`q emas. Aynan mana shundaylarning hech narsadan tap tortmasligi, korrupsiyaga yo`l qo`yishi ehtimoldan xoli emas. Xodimlar ustidan tushgan shikoyatlarni o`rganish asnosida biz shunga amin bo`lmoqdamiz”.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov adliya idoralarining kengaytirilgan hay`at majlisida shunday fikr bildirdi.
Bunday holatlarga, xususan korrupsiyaviy xatarga barham berish maqsadida vazirlik tomonidan “xavfli guruh” ro`yxati shakllantirilgan. Bu guruhga ustidan shikoyat tushgan, faoliyatida xato va kamchiliklarga yo`l qo`yayotgan xodimlar kiritilgan. Shu paytgacha faqat rahbariyatga ma`lum bo`lgan bu guruhga tushib qolganlarga xatolaridan to`g`ri xulosa chiqarib, faoliyatida yaxshi tomonga o`zgarish yasash vazifasi qo`yilgan. Buni uddalaganlar guruhdan chiqarilgan, uddalay olmaganlarga tegishli choralar ko`rilgan.
Hay`at majlisida endilikda bu guruhni ochiq bazaga aylantirish, ya`ni uni hammaga ma`lum holda yuritish rejalashtirilayotgani aytildi.
Zero, xalqqa huquqiy yordam berishi kerak bo`lgan oliy ma`lumotli yurist har tomonlama madaniyatli va bilimli bo`lishi shart. Biroq fuqaro oldiga biror masalada yordam so`rab kelsa, azbaroyi bosh qotirishni istamaganidan “men buni bilmayman, boshqa notariusga boring” deydiganlar ham uchrab turibdi. Adliya sha`nini erga uradigan bunday xodimlar ham shu guruhga kiritiladi.
Qo`yilayotgan talablar, qanchalik tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay hamon eskicha uslubda ishlashdan voz kechishni istamaydigan xodimlar bor. Qo`pol qilib aytganda, qachongacha ularga igna sanchib turish kerak?
Adliya vaziri “Xavfli guruh”ga oid ochiq bazaning xolis mezonlarini ishlab chiqilayotganini ma`lum qildi. Nafaqat xato va kamchiliklarga yo`l qo`yayotgan, balki tizimni toifa va guruhlarga bo`linib, o`zaro poyga maydoniga aylantirayotgan, ustidan aholi shikoyat yo`llayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchrayotgan xodimlar shu bazadan joy oladi. Fuqarolarning murojaatlariga befarq qarayotgan xodimlar ham bundan mustasno bo`lmaydi.
Bu baza ta`bir joiz bo`lsa katta chuqurlik. Undan chiqishni eplay olmaganlar adliya xodimi bo`lmaydi. Bundan buyon sohada xalqqa fidoyilik bilan halol xizmat qiladiganlargina faoliyatini davom ettiradi.






