AsosiyJamiyat

300 dan ziyod fuqaro ishga yo`llanma oldi

'300 dan ziyod fuqaro ishga yo`llanma oldi'ning rasmi

Namangan viloyati bandlik bosh boshqarmasi tomonidan To`raqo`rg`on tumanida tuman hokimligi, prokuratura, O`zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida mehnat yarmarkasi o`tkazildi, deya xabar berdi O`zA.

To`raqo`rg`on sanoat kasb-hunar kollejida tashkil etilgan tadbirda mazkur tuman va Namangan shahrida faoliyat ko`rsatayotgan 200 korxona va tashkilot 1000 dan ortiq bo`sh ish o`rni bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tuman bandlikka ko`maklashish markaziga ish so`rab murojaat qilgan 442 fuqaro jalb etildi.

Tuman hokimi G`.Murodxo`jaev, viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig`i B.Vohidov va boshqalar mamlakatimizda yangi ish o`rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta`minlash va turmush farvonligini yuksaltirishga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. Namangan viloyati, jumladan, To`raqo`rg`on tumanida ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Ish beruvchilar yarmarka ishtirokchilari bilan muloqotda bo`lib, o`z korxonalari va ulardagi bo`sh ish o`rinlari to`g`risida atroflicha ma`lumot berdi.

– Korxonamiz erkaklar kostyumi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi “Tekstil libos” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor A.Muhiddinov. – Yaqinda yana bitta qo`shimcha sexni ishga tushirdik va shu munosabat bilan qo`shimcha ish kuchiga ehtiyoj paydo bo`ldi. Ushbu tadbirda 100 bo`sh ish o`rni bilan qatnashmoqdamiz. Hozir bu erda talabgorlarni ro`yxatga oldik, shu hafta oxirigacha ularni sinovdan o`tkazib, talabimizga javob beradigan 100 kishini ishga qabul qilamiz.

Tadbirda 304 kishiga ishga yo`llanma va 138 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berildi. 40 dan ziyod kishi haq to`lanadigan jamoat ishlari bilan ta`minlanadigan bo`ldi.

– “Agrotexservis” korxonasiga traktorchi bo`lib ishlashga yo`llanma oldim, – deydi Baxtiyor Siddiqov. – Bunday tadbirlar, ayniqsa, ish qidirib yurganlar uchun juda qulay. Endi menda ham doimiy daromad manbai bor. Demak, oilam yanada farovon bo`ladi. Buning uchun yarmarka tashkilotchilariga rahmat.

    Boshqa yangiliklar