AsosiyJamiyat

KOREYa RESPUBLIKASIDA “O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ShAVKAT MIRZIYoEV” NOMLI KITOB ChOP ETILDI

'KOREYa RESPUBLIKASIDA “O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ShAVKAT MIRZIYoEV” NOMLI KITOB ChOP ETILDI'ning rasmi

Koreya Respublikasida Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimidagi faoliyatining birinchi yili haqida koreys tilida “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev” nomli kitob 50 ming nusxada chop etildi.

Joriy yil 20 noyabr kuni nashr etilgan ushbu kitob 8 bo`lim, 320 sahifadan iborat bo`lib, ko`plab suratlar bilan boyitilgan.

Nashrda Shavkat Mirziyoevning avval O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, so`ng Prezident sifatidagi faoliyati haqida batafsil ma`lumot berilgan. Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz va xorijda so`zlagan nutqlari, jumladan, Prezident lavozimiga kirishish marosimi, Konstitusiya bayrami, Yangi yil bayrami, BMT Bosh assambleyasi sessiyasidagi nutqidan iqtiboslar keltirilgan.

Kitobda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan barcha sohalarda boshlangan juda muhim islohotlar tahliliga katta e`tibor qaratilgan. Iqtisodiyotning liberallashuvi, xorijiy investisiyalarni jalb qilish va himoyalash bo`yicha aniq chora-tadbirlar, valyuta bozorini liberallashtirish, aholining ijtimoiy himoyasi, viloyatlarga nisbatan yangi siyosat, so`z erkinligi va konstitusiyaviy huquq tamoyillarini himoya qilish, bularning barchasi Prezident Mirziyoev tashabbusi bilan boshlangan yangi islohotlarning dastlabki natijalaridir.

Kitobning “2017-2021 yillarda O`zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi” nomli bobida ushbu dastur chuqur tahlil qilgan.

Shuningdek, O`zbekiston Prezidentining tashqi siyosatdagi mintaqaviy hamkorlikning yangi sur`atiga turtki bo`lgan, O`zbekistonning qo`shni davlatlar bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqan tashabbuslari haqida so`z yuritilgan. O`tgan bir yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoevning xorijiy davlatlarga tashrifi, O`zbekistonga tashrif buyurgan bir necha davlat rahbarlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar etakchilari bilan bo`lib o`tgan muzokaralari haqida atroflicha ma`lumot berilgan.

Koreys millatiga mansub vatandoshlarimizning O`zbekistonda istiqomat qilayotganiga 80 yil to`ldi va bu sana mamlakatimizda keng nishonlandi. Kitobda O`zbekiston va Koreya Respublikasi o`rtasidagi ko`p yillik savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka ham keng o`rin ajratilgan.

Kitob “Uz Kor Economy Media Group” tomonidan chop etilgan. Uning muallifi mashhur jurnalist va yozuvchi Cho Chol Xyon.

    Boshqa yangiliklar