Yurtimizda tibbiyot sohasi rivoji Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yangi bosqichga ko`tarildi. Shu ma`noda bugun tibbiyot xodimlari zimmasidagi mas`uliyat va ularga qo`yilayotgan talablar har qachongidan ham yuqori bo`lmoqda.
Quvonarlisi, shifokorlik kasbining murakkabligi va yuklamalarni hisobga olgan holda soha xodimlari hamisha davlatimizning e`tibor markazidadir. Ayniqsa, tibbiyot xodimlari mehnatini munosib baholash va ularni rag`batlantirish tizimining yildan-yilga takomillashtirib borilayotgani e`tiborga molik. Joriy yilning 20 noyabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori ham ana shu yo`lda tashlangan yana bir muhim qadam bo`ldi.
“O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlarini kadrlar bilan ta`minlashni yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi mazkur qaror bilan sog`liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlari xodimlarini o`rindoshlik asosida hamda bir necha kasb va lavozimda ishlash tartibi takomillashtirildi.
Endi shifokorlar uchun o`rindoshlik asosidagi ish vaqtining davom etishi bir oylik norma miqdorigacha belgilanishiga ruxsat berildi. Tibbiyot xodimlarining boshqa toifalari uchun esa oylik normaning yarmidan ortiq bo`lmasligi belgilandi.
Mazkur qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son bilan tasdiqlangan “O`rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to`g`risida”gi nizomiga ham qator o`zgartirishlar kiritildi.
— Xodimning asosiy ishi mehnatning noqulay shart-sharoitlari bilan bog`liq bo`lgan holda o`rindoshlik asosida shunday noqulay shart-sharoitlarda ishlashini (jumladan, laboratoriya, rentgen, radiologiya va h.k.) taqiqlash, shuningdek, o`rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarga belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo`lishi mumkin emas, degan cheklov bekor qilindi, — deydi Iqtisodiyot, moliyalashtirish va istiqbolni aniqlash bosh boshqarmasi boshlig`i Mirazim Mirtalipov. — Yanada aniqroq qilib aytadigan bo`lsak, shifokorlar uchun har ikkala — asosiy va o`rindoshlik faoliyati noqulay shart-sharoitlar bilan bog`liq bo`lgan ishlarda ham ishlashiga ruxsat berildi. Bundan tashqari, byudjet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat ko`rsatish zonasini kengaytirganlik, ish hajmi ko`payganligi uchun qo`shimcha haq to`lash miqdori bir necha kasb va lavozimda ishlagandagi lavozim maoshining 50 foizigacha ko`tarildi. Ilgari ushbu miqdor 30 foizni tashkil qilar edi.
Ushbu qarorning amaliyotga joriy etilishi sog`liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlari xodimlarini moddiy rag`batlantirish va ularning mehnatiga haq to`lash tizimini yanada yaxshilashga, aholining to`la hajmlarda tibbiy yordam olishiga, ko`rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.






