19-noyabr — Ayollar tadbirkorligi kuni sifatida BMT shafeligida dunyoning 144 mamlakatida keng nishonlanadi. Tashabbusning maqsadi ayollarga iqtisodiy jarayonlarda ishtirok etish imkonini berish, etakchi, ixtirochi, yangilikka intiluvchi va tadbirkor ayollar hamjamiyatini tashkil etish, iqtisodiy o`sish va yangi g`oyalarni hayotga tatbiq etishdir.
«Tadbirkor ayol» O`zbekiston ishbilarmon ayollar assosiasiyasi 2016 yildan buyon shu tashabbusga qo`shilib, ikkinchi marotaba ushbu kunda tadbirkor ayollar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbir o`tkazmoqda. Shu munosabat bilan 18 noyabr kuni «Wyndham» mehmonxonasi majlislar zalida «O`zbekiston iqtisodiy rivojida ayollar tadbirkorligining o`rni va ahamiyati» mavzusida xalqaro konferensiya bo`lib o`tadi. Unda xorijiy va mahalliy ekspertlarning ayollar tadbirkorligi holati, uning rivoji va iqtisodiyotimizdagi o`rni, ayollar ijtimoiy faolligini oshirishda dolzarb vazifalar haqidagi ma`ruzalar tinglanadi. «Zarafshon» konsert zalida assosiasiya tomonidan e`lon qilingan ko`rik-tanlov g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tadi.
Tadbir O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar qo`mitasi, O`zbekiston Oliy Majlisining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va o`zini o`zi boshqarish organlarini qo`llab-quvvatlash qo`mitasi, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi hamkorligida o`tkaziladi.






