AsosiyJamiyat

VILOYaTLARDA IShLASh TAShABBUSI BILAN ChIQQAN ShIFOKORLARGA 50 FOIZ MIQDORIDA OYLIK USTAMA HAQI TO`LANADI

'VILOYaTLARDA IShLASh TAShABBUSI BILAN ChIQQAN ShIFOKORLARGA 50 FOIZ MIQDORIDA OYLIK USTAMA HAQI TO`LANADI'ning rasmi

Yurtimizda tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash bilan bog`liq masalalar davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida bo`lib kelmoqda. Qisqa fursat ichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida sog`liqni saqlash tizimi mutasaddilari bilan besh marotaba uchrashuv o`tkazilishi, Yurtboshimizning sohani kompleks rivojlantirishga qaratilgan o`ttizdan ortiq farmon va qarorlari e`lon qilingani ham buning yaqqol isboti.

Ushbu yig`ilishlarning har birida davlatimiz rahbari viloyatlarda tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish bo`yicha alohida topshiriq va vazifalar bergan edi. Xususan, 18 oktyabr kuni tibbiy islohotlar tahliliga bag`ishlangan yig`ilishda Prezidentimiz qat`iy ta`kidlaganidek, aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining hududlarda etarli darajada emasligi tibbiyot oldida turgan dolzarb masalalardan biri. Tan olish kerak, hududlardan yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun Toshkent shahriga kelish aholi tomonidan ko`plab e`tirozlarga sabab bo`layotgan edi.

Ushbu masalalarni bartaraf etish maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan etakchi mutaxassislardan 134 nafar nomzod tanlab olindi. Ular hozirda viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazlariga, jumladan, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya, kardiologiya, silga qarshi, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalarida faoliyat olib bormoqda.

Bu esa viloyatning o`zida eng noyob va yuqori texnologik operasiyalarni o`tkazish imkoniyatini paydo qilmoqda. Birgina Samarqand viloyati misolida ko`radigan bo`lsak, viloyatda poytaxtdan borgan turli ixtisoslikdagi 8 nafar malakali mutaxassis ish boshladi.

— Filialda faoliyat boshlaganimdan buyon o`tgan qisqa vaqt ichida ilgari faqat poytaxtda yoki xorijda qilingan 4 turdagi eng murakkab jarrohlik amaliyotlarini filialning o`zida yosh mutaxassislar bilan birga bajardik, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Mirjalol JO`RAEV. — Misol uchun, qizilo`ngach, oshqozon, me`da osti bezi, yo`g`on ichak, jigar saratoni xastaliklarini samarali davolash imkoniyati oshmoqda. Qizilo`ngach saratonida a`zoning 80 foizini olib, uning o`rniga oshqozondan trubka yasab ko`krak bo`shlig`iga ulash, jigar saratonida jigarning 60-65 foizini rezeksiya qilish, sun`iy oshqozon yaratish kabi noyob operasiyalar Samarqand tibbiyoti tarixida ilk bor bajarildi. Hozirga qadar 22 ta shunday operasiya o`tkazgan bo`lsak, ularning barchasi muvaffaqiyatli o`tdi. Endi har qanday murakkab jarrohlik ishlarini filialning o`zida bajarish imkoniyati borligi samarqandliklarni quvontirmoqda.

Viloyatlarda faoliyat boshlagan mutaxassislarning mehnatini munosib baholash maqsadida shu yilning 10 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining “Tibbiyot muassasalarini moddiy rag`batlantirish va rivojlantirish jamg`armasi to`g`risidagi nizomga o`zgartirish va qo`shimcha kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko`ra, Respublika tasarrufidagi tibbiyot muassasalaridan viloyat tasarrufidagi tibbiyot muassasalariga rahbar lavozimlarga yuborilgan xodimlarning tarif stavkalariga 50 foiz miqdorida oylik ustama haqi to`lanishi belgilandi.

Eslatib o`tamiz, tibbiyot muassasalarini moddiy rag`batlantirish jamg`armasi mablag`lari samarali hamda maqsadli ishlatilishiga tibbiyot muassasasi qoshidagi maxsus komissiya va muassasa rahbarlari javobgar hisoblanadi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Axborot xizmati

    Boshqa yangiliklar