“O`zavtosanoat” AK Samarqandda Germaniyaning “MAN Truck & Bus AG” korxonasi bilan hamkorlikda shaharlararo qatnovga mo`ljallangan “MAN Lion's Coach” rusumidagi avtobuslarni ishlab chiqarishni yo`lga qo`yadi.
Bu boradagi shartnoma O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida “O`zavtosanoat” AK va “MAN Truck & Bus AG” o`rtasida imzolangan.
Kelishuvga ko`ra, qo`shma loyiha 2018 — 2020 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“MAN Lion's Coach” — yuqori sifatli, zamonaviy xavfsizlik standartlariga mos keladigan turistik avtobuslar hisoblanadi.
Manbada qayd etilishicha, ushbu shartnoma hamkorlikni mustahkamlash, transport infratuzilmasini takomillashtirish va yo`lovchi tashish sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Ma`lumot uchun: hozirga qadar “JV MAN Auto-Uzbekistan” qo`shma korxonasi shaharlar ichida yo`lovchi tashishga ixisoslashgan “MAN A22 CNG” avtobuslarini ishlab chiqarish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
“JV MAN Auto-Uzbekistan” Markaziy Osiyoda “MAN” rusumidagi yuk va yo`lovchi tashishga ixtisoslashgan avtomobillar ishlab chiqaruvchi yirik korxona hisoblanadi. Qo`shma korxonada hozir avtobuslar, yuk, beton qoruvchi, suv tashishga ixtisoslashgan mashinalar kabi 50 turdagi maxsus texnikalari ishlab chiqarilmoqda.






