Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini tashkil etish to`g`risida
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Jamiyatimizda sog`lom turmush tarzini shakllantirish, yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o`z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo`lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, Vatanga sadoqat tuyg`ularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga yo`naltirilgan keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimiz vakillari Olimpiya va Osiyo o`yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda turli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishib kelmoqdalar. Jumladan, respublikamizda taekvondo WTF sport turi jadal ravishda rivojlanib, yoshlar o`rtasida o`tkaziladigan uch bosqichli "Umid nihollari", "Barkamol avlod" va Universiada sport musobaqalari doirasida yanada ommalashib borayotgani ayniqsa e`tiborlidir.
Mustaqillik yillarida mazkur sport turi bo`yicha sportchilarimiz nufuzli xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, 44 ta oltin, 64 ta kumush va 71 ta bronza medallarini qo`lga kiritgan holda dunyoda O`zbekistonning obro`-e`tibori va sport salohiyatini yanada oshirmoqdalar.
O`zbekiston Respublikasida taekvondo WTF sport turini yanada rivojlantirish, yuqori mahoratli sportchilar va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi, O`zbekiston taekvondo WTF assosiasiyasining Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini (keyingi o`rinlarda fakultet deb ataladi) tashkil etish to`g`risidagi taklifi ma`qullansin.
2. Quyidagilar fakultetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
taekvondo WTF sport turini o`qitish va amaliy tayyorlash uslublarini hamda uning tarixi, falsafasi, klassifikasiyasini o`zlashtirgan, ta`lim jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalana oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
xalqaro ilg`or tajribadan foydalanib, yuqori darajaga ega bo`lgan xorijiy va mamlakatimizning malakali amaliyotchi mutaxassislari va trenerlarini ta`lim jarayoniga jalb etgan holda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
yuqori malakali trener va o`qituvchilarni tayyorlash, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, xalqaro sport musobaqalarida munosib qatnashadigan professional sportchilar tayyorlash uchun ularning ko`nikma va bilimlarini rivojlantirishga yo`naltirilgan zamonaviy o`qitish dasturlari va metodlarini ishlab chiqish;
ta`lim oluvchilarda individual qobiliyatlari va iste`dodlarini hisobga olgan holda jismoniy tarbiya va sportga oid ko`nikmalarni shakllantirish;
yuqori intellektual salohiyatga va sport sohasida puxta bilimlarga ega mutaxassislarni tayyorlash;
respublika va xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishadigan hamda O`zbekiston milliy terma jamoalari tarkibida ishtirok etadigan iqtidorli sportchilarni tayyorlash;
o`qitish va tayyorlashning barcha darajalarida innovasion metodikalarni joriy etish hamda jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid dolzarb mavzular bo`yicha chuqur ilmiy tadqiqotlar o`tkazish;
mavjud o`quv-metodik, moddiy-texnik bazani har tomonlama mustahkamlash va takomillashtirish, ta`lim jarayoniga sportchilar tayyorlashning sifat jihatidan yangi darajasini ta`minlaydigan o`qitishning zamonaviy texnik vositalarini, pedagogik texnologiyalarni joriy etish.
3. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Moliya vazirligi Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida 2018/2019 o`quv yilidan boshlab taekvondo WTF hamda sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish ta`lim yo`nalishlari bo`yicha qabul kvotalarini shakllantirsin.
4. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda fakultetni malakali mutaxassislar va professor-o`qituvchilar bilan ta`minlash, ixtisoslik fanlari bo`yicha o`quv-metodik adabiyotlar yaratish va o`quv dasturlarini ishlab chiqish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va moliyalashtirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
5. O`zbekiston taekvondo WTF assosiasiyasining fakultet uchun ajratiladigan sport inshootlarini ta`mirlash va sport anjomlari bilan jihozlash uchun zarur bo`ladigan mablag`larni ajratish to`g`risidagi taklifi ma`qullansin.
6. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 maydagi “O`zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-2527-son qaroriga 1-ilovaning matni ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
7. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjaev, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri I.U.Majidov va O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi R.D.Kurbanov zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV
Toshkent shahri, 2017 yil 16 noyabr






