XALQARO TIJORAT ARBITRAJIGA OID QONUN TAYYoRLANMOQDA
Poytaxtimizda “O`zbekistonning huquqiy tizimida arbitraj muhokamasini takomillashtirishning dolzarb masalalari: milliy amaliyot va xalqaro tajriba” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Fransiyaning O`zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Adliya, Iqtisodiyot, Moliya va Tashqi savdo vazirliklari, xalqaro tijorat arbitrajlarining arbitrlari, advokatlar va huquqshunos olimlar qatnashdi.
Seminarda mamlakatimizda qulay investisiya muhiti va ishbilarmonlik holatini yaxshilashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta`kidlandi.
– Tadbirkorlik sub`ektlarining qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda arbitraj muhim o`rin tutmoqda, – deydi O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi raisi Fayzulla Otaxonov. – Xalqaro doirada yuzaga kelgan iqtisodiy nizolar hal etilishida bu tizim o`zining qulayligi, tezkorligi bilan ajralib turadi. Bunda tijorat sirlarini saqlash, biznes vakilining ishchanlik obro`sini yuqori darajada himoya qilishni ta`minlashga e`tibor qaratiladi.
O`zbekistonda mazkur sohada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimiz 1993 yil 7 may kuni tashqi iqtisodiy faoliyatni rag`batlantirish, O`zbekiston Respublikasida xorijiy investorlarning xalqaro miqyosda e`tirof etilgan kafolatlarini ta`minlash va himoya qilish maqsadida "Davlatlar va ajnabiy shaxslar o`rtasidagi investisiyaga doir nizolarni hal etish tartibi to`g`risida"gi (1965 yil, Vashington) hamda 1995 yil 22 dekabr kuni "Chet el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to`g`risida"gi (1958 yil, Nyu-York) konvensiyalarga qo`shilgan.
Bu yo`nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi xalqaro tijorat arbitrajiga oid qonun qabul qilishdir. Hozirgi kunda O`zbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji to`g`risida”gi qonuni loyihasi tayyorlandi.
– O`zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotgan mamlakat hisoblanadi, – deydi “Betto seraglini” xalqaro advokatlik tashkiloti vakili Julen Fure (Fransiya). – Iqtisodiyot rivojida esa investisiyalar, investorlar muhim o`rin tutadi. Ular faoliyatining kafolatlarini ta`minlashda xalqaro tijorat arbitraj sudi muhim o`rin tutadi. Bu sohani rivojlantirishga, tegishli qonun qabul qilishga e`tibor qaratilayotgani qulay biznes muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Ana shu maqsadlarga qaratilgan bugungi tadbir shu jihatdan juda foydali fikr-mulohazalarga boy bo`ldi.
Tijorat arbitraji tushunchasi, prinsiplari va afzalliklari, xalqaro tijorat arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish tizimini takomillashtirish, arbitraj bitimi tushunchasi va huquqiy tabiati, xalqaro tijorat arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish bo`yicha iqtisodiy sudlarning amaliyoti kabi masalalar muhokama etilgan seminar yakunlari bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.






