Qaynona va kelin — oila sahnasida bosh rol ijrochisi bo`lgan ayollar. Gohida ular raqobatchiga aylanadi, gohida ittifoqchiga. Eng qizig`i, ba`zida kelinposhshalar qaynonasiga erlaridan shikoyat ham qilishadi, hatto yomonlashga ham jur`at etishadi. Nima uchun? Buning oqibati qanday bo`ladi? Aslida bu usul qanchalik o`zini oqlaydi? Mavzuni ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan birgalikda tahlil qilamiz.
Nima uchun?
1-voqea: «Ne-ne orzu-umidlar bilan to`y qilgandim. Kelinimni o`g`limning o`zi sevib tanladi. Oxirgi paytlarda uning ko`ngliga quloq tutib adashdimmi, deb o`ylab qolayapman. Kelinim «O`g`lingiz juda rashkchi», «Bolangizning qo`lidan bir ish kelmaydi!» deb har kuni bir gap topadi. Nazarimda, u o`g`limni yaxshi ko`rish tugul, hurmat ham qilmaydi. Bo`lmasa, tuqqan onasiga yomonlarmidi? Maqsadi nima bu kelinning?»
Ha, qaynonasiga eridan noliydigan kelinlarning maqsadi nima? Diydiyolarining ildizi nimaga borib taqaladi?
Tajribasizlik. Oilaviy hayotda hali etarlicha bilimga ega bo`lmagan, erining fe`l-atvorini tamoman bilmaydigan yosh kelinchaklar gapga chechan, oilada hamma narsani bilib, nazorat qilib turishi shart bo`lgan qaynonasiga ishonib tish yoradi.
Hamfikrlik. Ya`ni «Qaynonam meni tushunadi, qo`llaydi» degan xayol bilan hech ikkilanmasdan dardini dasturxon qiladi. Chunki qaynonasi aynan shu borada kelinga «o`rnak ko`rsatgan». Kelinning yonida yo turmush o`rtog`idan, yo o`g`lidan yozg`irgan.
Himoya. Ayrim kelinlar «O`g`lingizni bilasiz-ku, aytganini qilmasam, hamma joyni ostin-ustun qilib tashlaydi», «Bolangiz bosiq, tushungan odam bo`lganida, xizmatingizni qilardim», deya o`zlarini oqlab, himoyalab olishadi. Bu bilan «Menga o`g`lingizning hunarlari ham etarli, siz ortiqcha talablar qo`ymang», deya qaynonalarining og`zini yopishni istashadi.
Alamzadalik. Qaynona-kelin o`rtasidagi munosabatning ijobiy emasligi ham sabab bo`ladi. Kelin ta`nalari bilan qaynonasidan alamini olishga urinadi. Shuning uchun har ikki gapining biri «Mana, siz dunyoga keltirib, tarbiyalagan odamning ahvoli», degan ma`noni anglatib turadi.
«Men bechoraman» dasturini yoqish. Erini zolim, o`zini mazlum ko`rsatish orqali qaynonasini unga achinishga majbur qiladi. Shu bilan go`yoki o`zini boshqa muammolardan himoyalaydigandek tuyuladi. Axir «O`g`limga chidab yashayotgan shu bechoraga rahmat», deya qaynona ham kelinning ko`ziga qarab turadi-da.
Nima bo`ladi?
2-voqea: «Turmushimizning ilk yillarida erim bilan til topishib ketishimiz qiyin bo`lgan. Qaynonam bilan esa tez dugona bo`lib olganmiz. Shungami, turmush o`rtog`im qattiq gapirsa ham, nimadir xato qilsa ham, onasiga aytardim. To`ng`ichim tug`ilgach, er-xotin ikkimizning o`rtamizda katta janjal chiqdi. Men doimgidek qaynonamdan najot kutdim, u kishi esa «Sizning o`zi avvalboshdan niyatingiz ajrashish edi», deya olovga moy sepdi...»
Mana, oqibatning bir ko`rinishi. Siz yuqoridagi qay bir sabab tufayli umr yo`ldoshingizdan uni dunyoga keltirgan ayolga arz qildingizmi, quiydagi natijalarga ham tayyor turing.
YO`QOTASIZ, ishonch, hurmat va muhabbatni. Sizni o`g`lining jufti haloli deya qabul qilgan ayol endi ikkilanib qoladi. «O`g`limni xotini hurmat qilmaydi, sevmaydi, ardoqlamaydi», degan fikr xayoliga kelishi hech gapmas. Kelinlar, har bir ona farzandi hamma joyda sevimli va ardoqli bo`lishini istaydi. U qizg`anchiq bo`lsa ham, o`g`lini ayoli sevsa, ranjimaydi, aksincha g`ururlanadi. Va bolasining yomonini yashirib, yaxshisini oshirib yashayotganingiz uchun sizga mehr qo`yadi.
Qo`rg`oningiz sirini SOTASIZ. Er-xotin munosabatlarida bitta muammoni tashqariga olib chiqdingizmi, qo`rg`oningiz devorida bir tirqish hosil bo`ldi deyavering. Endi undan shamolmi, yomg`irmi, do`lmi yopirilib kiraveradi. Oqibatda qaynonangiz yotoqxonangizgacha kirib keladi. Ya`ni juftingiz bilan o`zaro nimanidir hal qilolmaysiz, chunki qaynonangiz sizlarning tilingiz bir emasligini yaxshi biladi.
Xato ustiga XATO QILASIZ! Eringiz sizning eringiz, qaynonangizning esa o`g`li. U o`g`il sifatida juda yaxshi farzanddir balki. Siz bilan munosabatlarda xatoga yo`l qo`yayotgan bo`lsa, qaynonangiz uni yo`lga solib berishi dargumon. Aksincha, turmush o`rtog`ingizni sizdan sovutishi mumkin bu «hunaringiz». Axir oilali erkak xotinining gapini deb, onasining oldida bosh egib tursa, «tarbiya darsi» unga ta`sir qilarmikan?
Qaynonangizni ozorlaysiz. Shu ayolning o`rniga o`zingizni bir qo`yib ko`ring, yuragingizdan yaralgan yuragingizni kimdir yomon desa, chidab tura olasizmi? Bolangizning xatolarini bilsangiz ham, ularni yuzingizga solishsa, qalbingiz ozorlanmaydimi? Qaynonangiz ham sizdek jigarporasiga faqat va faqat yaxshilikni sog`inib ko`krak tutgan, bolam yaxshi inson bo`lsin, deya alla aytgan, tunlar uyqusidan, kunlar halovatidan voz kechib ulg`aytirgan. Shuning uchun eringizdan nolishlaringiz qaynonangizning ong ostida «Shuncha yillik umring, mehnating, shu bolangga bergan mehring uvol ketipti» tarzida yangraydi va azoblanadi. Bilasiz, tipratikan ham bolasini yumshog`im, deydi. Demak, bu usulingiz ish bermaydi, qaynonangiz baribir siz tomon bo`lmaydi.
Alamga qarshi alam. Turmush o`rtog`ingizning xurmacha qiliqlari dastidan dod deb, alamingizni qaynonangizga to`kib soldingiz. Kunlar, oylar o`tib, doka ro`mol qurisa ham, qaynonangiz yuragiga berilgan ozor unutilmaydi. Xiyonatkor, jafokash eringiz oilaparvar, bolaparvar bo`lib quyilib qolganida, u oilangizning tinchligiga o`zi bilib-bilmay raxna sola boshlaydi. Chunki bir paytlari o`g`lini yomonga chiqargan kelinda alami bor.
Foto:
Qanday yo`l tutish kerak?
3-voqea: «Turmush o`rtog`im yomon odammas. Yaqinda lavozimi ko`tarildi-yu, o`zgarib qoldi. So`nggi vaqtlarda ko`p ichayapti. Bu yo`ldan qaytarishga o`zimning kuchim etmayapti. Qaynonamga aytsam, tanobini tortib qo`yarmidi?»
Qaynonaga lom-mim demasdan, hammasini ichga yutib yashash ham o`zini oqlamaydi. Harholda u eringizni sizdan yaxshiroq biladi, o`zi tarbiyalagan. Faqat yo`nalishni to`g`ri olishni bilish kerak.
Ta`na qilmang, maslahat so`rang. Buning uchun og`iz juftlashdan oldin maqsadingizni oydinlashtiring. Niyatingiz ko`mak olishmi, nutqingizda qaysi so`zlarni ishlatayapsiz, gapirish ohangiz qanaqa — shularga e`tibor bering. «O`g`lingiz jonimdan to`ydirvordi, ko`p ichayapti» emas, «Oyijon, oxirgi paytlarda xo`jayinim tez-tez ichayapti. Nima qilsak bo`larkan? Sog`ligidan xavotirdaman» qabilida gapiring.
Achinishini emas, yordamini kuting. Achinish so`zining negizida achchiq so`zi yotadi. Achinish, bu — yana bir odamning sizga qo`shilib azoblanishi, xolos. Hech qachon atrofdagilarda achinish hissini uyg`otish uchun ko`z yoshi qilmang, kimgadir loy chaplamang. Bu — uyat! Yordam so`rashning esa hech xijolatli joyi yo`q. Eringiz boshqasiga ilakishib qolganmi, o`zingizdan darrov baxtiqaroni yasamang-da, dadillashing, qaynonangizdan oilangizni asrashda ishonch bilan yordam so`rang. Toki qaynonangiz o`g`li siz bilan baxtli bo`lishiga, xotirjam yashashiga ishonsin.
Bechoraga aylanmang, uddaburon bo`ling. Muammo tug`ilganda, hamma boshingizni silasa, sizning ko`nglingizga qarasa, yoqib tushadi. Ammo chora topilmaydi. Umr yo`ldoshingizga ota-onasi yaxshi tarbiya bermayapti, ular bu masalaga noto`g`ri yondashishibdi, marahamat, endi sahnaga siz chiqing va ayollik rolingizni qoyillatib o`ynang. O`zingizni jabrdiyda ko`rsatib, eringizni qora er qilguncha, erni er qilguvchi xotin bo`ling. Yana bir haqiqatni unutmang, masalan, «Bolangiz yaxshi topmaydi», deya gapirganingiz ertaga boringizni ham yo`qqa chiqarishi mumkin, noliyversangiz, muammolaringiz battar urchiydi.
MUXLISA.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






