Andijonda atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag`ishlangan xotira tadbiri bo`lib o`tdi. Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi Andijon viloyati bo`limi, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi, O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo`limlari, “Meros” ilmiy-amaliy xalqaro ekspedisiya xayriya jamg`armasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir-yozuvchilar, faxriylar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Sharof Rashidovning davlat arbobi va ijodkor sifatidagi ko`p qirrali faoliyati xususida so`z yuritilib, u rahbarlik qilgan yillarda respublikamizda barcha sohalarda ulkan ishlar amalga oshirilgani ta`kidlandi. Tadbirda “Sharof Rashidov – o`zbek xalqining baxt-saodati yo`lida fidokorona kurashgan buyuk inson, atoqli davlat va jamoat arbobi”, “Sharof Rashidov – milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo`shgan ijodkor” singari mavzularda ma`ruzalar tinglandi. Atoqli davlat arbobi bilan bir davrda ishlagan, uning suhbatlaridan bahramand bo`lgan faxriylar o`z xotiralarini so`zlab berdi. Sharof Rashidov asarlaridan namunalar o`qildi, she`rlari bilan aytiladigan qo`shiqlar ijro etildi. Tadbir doirasida Sharof Rashidov asarlari, uning bevosita Andijon va andijonliklar bilan bog`liq faoliyati aks etgan fotosuratlar ko`rgazmasi tashkil etildi.






