AsosiyJamiyat

​9 OYDA TA`LIM UChUN 11 555,1 MLRD. SO`M MABLAG` AJRATILGAN

'​9 OYDA TA`LIM UChUN 11 555,1 MLRD. SO`M  MABLAG` AJRATILGAN'ning rasmi

“O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yil to`qqiz oylik ijrosi to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasining hisoboti “Milliy tiklanish” partiyasining dasturiy maqsadlari va saylovoldi Platformasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ko`rib chiqildi va atroflicha muhokama qilindi.

Ta`kidlandiki, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 2017 yilning 9 oyligi davomida Davlat byudjeti tasdiqlangan parametrlarga muvofiq amalga oshirilib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorda profisit bilan ijro etilgan. Inflyasiya darajasi esa belgilangan prognoz ko`rsatkichlaridan oshmagan.

Ilm-fanni rivojlantirishga, shuningdek, bugungi kunda O`zbekiston Respublikasida mavjud 300 dan ortiq ilmiy-tadqiqot markazlari, ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlari va innovasion markazlar uchun hisobot davrida Davlat byudjetida 171,0 mlrd. so`mlik mablag`lar sarflandi.

Ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini yoki 59,5 foizini tashkil etgan ta`lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 11 555,1 mlrd. so`m mablag` ajratildi.

Ayni paytda, shahar va qishloq joylarda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashni ta`minlovchi arzon uy-joylarni qurish, yo`l-transport, muhandislik-kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizasiya qilish borasidagi ko`zda tutilgan ishlar bajarilishi esa fuqarolarimizning munosib hayot kechirishlariga, turmush darajasi sifati oshishiga imkon berayotganligi e`tirof etildi.

Fraksiya vakillari mamlakatda barqaror va zamonaviy ishlab chiqarishning mavjudligi hamda izchil rivojlantirilayotganligi, eksport hajmining ko`payib borayotganligi, aholi xarid qobiliyatining tobora ortayotgani yalpi ichki mahsulot hajmining o`sishini ta`minlayotganligiga alohida e`tibor qaratdilar.

Ayniqsa, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga uyg`un tarzda iqtisodiyotni diversifikasiya qilish va tarkibiy o`zgartirish, ishlab chiqarishga eng zamonaviy, ilg`or texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizasiyalash jahon maydonida milliy iqtisodiyotni raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqdaligi ta`kidlandi.

Muhokamalar chog`ida fraksiya a`zolari Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotlarni qo`llab-quvvatlab, partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda, mamlakat byudjetining ijrosi bilan bog`liq bir qator masalalarga e`tibor qaratdilar.

Avvalo, partiya saylovoldi platformasida ko`zda tutilgan eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, eksportni diversifikasiya qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorlarni o`zlashtirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlarni tizimli davom ettirish;

Byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish asosida mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mavjud imkoniyatlar hamda rezervlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e`tibor qaratish lozimligi ta`kidlandi.

Qizg`in kechgan bahs-munozaralar, savol-javoblar va bildirilgan fikr-mulohazalar hamda takliflar asosida Fraksiyaning ushbu masala yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar