AsosiyJamiyat

“SAMARQAND – ISTANBUL – SAMARQAND” YO`NALIShI BO`YIChA MUNTAZAM HAVO QATNOVI ILK BOR AMALGA OShIRILDI

'“SAMARQAND – ISTANBUL – SAMARQAND” YO`NALIShI BO`YIChA MUNTAZAM HAVO QATNOVI ILK BOR AMALGA OShIRILDI'ning rasmi

Joriy yilning 30 oktyabr kuni “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasining “Samarqand – Istanbul – Samarqand” yo`nalishi bo`yicha muntazam havo qatnovi ilk bor amalga oshirildi, deya xabar qildi O`zA.

Samarqand xalqaro aeroportida shu munosabat bilan o`tkazilgan tantanali marosimda Samarqand shahar hokimi F.Rahimov, “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi boshqarma boshlig`i N.Ayupov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yaqinda Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida mamlakatlarimiz o`rtasida turli sohalarda, jumladan, fuqaro aviasiyasi bo`yicha hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish borasida muhim kelishuvlarga erishilganini alohida ta`kidladi.

Samarqanddan Istanbulga to`g`ridan-to`g`ri havo qatnovining yo`lga qo`yilgani ushbu kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida ikki mamlakat fuqarolariga qulayliklar yaratish, davlatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

16.JPG

– Bir necha yildan buyon samarqandlik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilamiz, – deydi turkiyalik Mehmed Otash Yakar. – Shu paytgacha Turkiyaga Toshkent xalqaro aeroporti orqali borib kelardim. Endilikda Samarqanddan Istanbulga havo kemasi qatnovining joriy etilgani men kabi ko`plab tadbirkorlar uchun katta qulaylik bo`ldi. Buning uchun davlatlarimiz rahbarlaridan minnatdormiz.


Ushbu yo`nalishdagi parvozlar hozircha haftaning dushanba kunida amalga oshirilmoqda. Shu yil 16 noyabrdan boshlab esa payshanba kunlari ham bunga qo`shiladi. "O`zbekiston havo yo`llari" milliy aviakompaniyasi yangi yo`nalishda yo`lovchilarga “Airbus A320” va “Boeing 757” zamonaviy havo laynerlari orqali xizmat ko`rsatadi.

– “Samarqand – Istanbul – Samarqand” yo`nalishi bo`yicha ilk reysning yo`lovchisi ekanligimdan xursandman, – deydi samarqandlik Aziza Abbosova. – Ayniqsa, bugungi tantanali marosim tom ma`noda tarixiy kun sifatida xotiramizda qoladi. Ikki qardosh xalq o`rtasidagi do`stona aloqalar bundan keyin yana ham rivojlanishi va mustahkamlanishi tarafdorimiz.

“O`zbekiston havo yo`llari”ning sahnida 180 ga yaqin yo`lovchi bo`lgan “Boeing 757” havo kemasi Samarqand xalqaro aeroportidan Istanbul tomon parvozini boshladi va bu kun milliy avikompaniyamiz tarixidagi muhim sanalardan biri bo`lib qolishi shubhasiz.

    Boshqa yangiliklar