Shu yilning 18 oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida sog`liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli dori-darmon bilan ta`minlash borasidagi islohotlar tahliliga bag`ishlangan Sog`liqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari Hay`at yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar Sog`liqni saqlash Bosh boshqarmasi va viloyatlar Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari, Respublika tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasasi rahbarlari, ilmiy tekshirish institutlari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markaz direktorlari ishtirok etdi.
Sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov raisligida o`tkazilgan yig`ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan ko`tarilgan masalalar, o`rtaga tashlangan muammolar va ularni hal etish chora-tadbirlari, bunda vazirlik tizimidagi har bir rahbar-xodimning javobgarligi, mas`uliyati haqida fikr bildirildi.
— Barchamiz guvohi bo`lib turibmiz, shu o`tgan qisqa vaqt ichida prezidentimiz tibbiyot xodimlari bilan 4 marotaba uchrashuv o`tkazdi. Ushbu yig`ilishlarning har birida barchamizni o`ylantirayotgan, xalqimizning haqli e`tirozlariga sabab bo`layotgan dolzarb masalalar ko`tarildi, — deydi sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov. — Xususan, kuni kecha bo`lib o`tgan yig`ilish olib borilgan islohotlar va ularning tahliliga bag`ishlandi. To`g`ri, harakatlarimiz natijasiz ketmadi. Xalqimizning salomatlik ko`rsatkichlarida ishimiz samarasi ko`rinmoqda. Ammo endi xonada o`tirib, hisobot va raqamlarga tayanib ish ko`rishimiz mumkin emas. Bunday ishlash mezoni xalqni qoniqtirmaydi. Faoliyatimizning bahosini xalqimiz berishi kerak. Mana shu tizim bizning haqiqiy yuzimiz — ishimizning ko`zgusi bo`ladi.
Hay`at yig`ilishi davomida murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomi, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalik muhofazasi, tibbiyotning xususiy sektorini rivojlantirish kabi masalalar bo`yicha ma`ruzalar tinglanib, muhokama qilindi.
Yig`ilish yakunida Davlatimiz rahbarining topshiriqlarini o`z vaqtida bajarish, tibbiyot xodimi faoliyati samarasi xalq fikri orqali baholanadigan tizim shakllantirish, bunda tibbiyotning barcha bo`g`ini, ayniqsa birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatiga alohida e`tibor qaratish ta`kidlandi. Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi har bir xodim mas`uliyatni chuqur his etib, ishlashi lozimligi, asosiy mezon — xalq roziligi ekani qayd etildi.






