AsosiyJamiyat

​BUXORO ShAHRIDA “ELEKTRON POLIKLINIKA” TIZIMI IShGA TUShIRILDI

'​BUXORO ShAHRIDA “ELEKTRON POLIKLINIKA” TIZIMI IShGA TUShIRILDI'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qaysi hududga bormasin, albatta, sog`liqni saqlash tizimidagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida bo`lib, tizimni yanada takomillashtirish bo`yicha tegishli ko`rsatmalar bermoqda. Zero, ta`kidlanganidek, xalqimizni rozi qilish uchun, eng avvalo, sifatli tibbiy xizmatga bo`lgan talabni, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariyaga bo`lgan ehtiyojni qondirish zarur. Shu maqsadda mamlakatimiz Prezidentining “ O`zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” gi qarori qabul qilindi.

Joriy yilning 18 oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida sog`liqni saqlash tizimidagi islohotlar tahliliga bag`ishlab o`tkazilgan yig`ilishda ham birlamchi tizim faoliyatiga alohida urg`u berildi. Xususan, vrach faoliyatini samarali tashkil qilish va qabulga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi elektron tizimni bosqichma-bosqich joriy qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, birlamchi tizimni takomillashtirish bo`yicha Prezident qarori va davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosiga doirasida Buxoro viloyatidagi 11 ta birlamchi tibbiyot muassasasi “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulandi.

«UZMEDINFO» elektron sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu tizimga Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi hamda Buxoro shahridagi 10 ta oilaviy poliklinika ulangan.

— Bugun zamonaviy tibbiyot elektron navbat tizimiga o`tmoqda va bu tajriba mamlakatimizda ham o`zini oqlayotir, — deydi «UZMEDINFO» elektron sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish markazi direktori Dilshod USMONOV. — Shu maqsadda Buxoro shahridagi poliklinikalarda ham shifokor qabuliga elektron yozilish tizimi joriy etildi. Ushbu tizimning qulayligi shundaki, bunda bemor va shifokor vaqti tejaladi, ish samaradorligi ortib, rejali faoliyat tashkil etiladi. Ayniqsa, ushbu qulaylik yosh bolali onalar, homilador ayollar uchun katta qulaylik bo`ldi.

Ayni vaqtda ushbu tajribani mamlakatimizdagi barcha oilaviy poliklinikalarga tatbiq etish bo`yicha keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar