O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 oktyabr kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning topshirig`iga binoan mamlakatimizga tashrif buyurgan Rossiya Federasiyasi Hukumati raisining o`rinbosari Dmitriy Rogozinni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, oliy va yuksak darajadagi muntazam va samarali muloqotlar O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlanishiga, shuningdek, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil aprel oyida Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining 10 oktyabr kuni Sochi shahrida MDH sammiti doirasida o`tgan uchrashuvlari mamlakatlarimiz o`rtasida uzoq istiqbolga mo`ljallangan va o`zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`targani alohida ta`kidlandi.
Bugungi kunda savdo hajmi barqaror sur`atlarda o`sib bormoqda, Rossiyaning etakchi kompaniya va banklari bilan hamkorlikda O`zbekiston iqtisodiyotining neft-gaz majmuasi, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, to`qimachilik, oziq-ovqat, farmasevtika va boshqa tarmoqlarida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mintaqalar o`rtasida va biznes sohasida o`zaro hamkorlik yanada faollashdi. Samarali madaniy-gumanitar almashuv kengayib bormoqda.
Uchrashuvda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamda harbiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz etakchi korxona va kompaniyalari o`rtasida istiqbolli qo`shma dastur va innovasiya loyihalarini jadal rivojlantirishga qaratilgan sanoat kooperasiyasini mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Dmitriy Rogozin O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi, Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat raisi Dmitriy Medvedevning samimiy va ezgu tilaklarini etkazdi.
Rossiya Hukumati raisi o`rinbosari Rossiya Federasiyasi O`zbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi keng ko`lamli va o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor va bundan manfaatdor ekanini ta`kidladi.






